O`zbekiston Professional futbol ligasi shu mavsumdan boshlab klublar bo`ynidagi har qanday qarzdorliklarga jiddiy e`tibor berib kelayotgani yaxshi ma`lum.
PFL bu borada mavjud 30ta klubni transfer oynasi ochilishidan oldinoq ogohlantirib keldi. Natijada PEPSISuperliga klublaridan tortib, Pro-Liga jamoalariga qadar PFLga hisobot topshirdi. Ya`ni, klublar bo`ynidagi qarzdorliklar, ularning futbolchi va murabbiylar oldidagi majburiyatlari aniq-tiniq belgilab olindi. Biroq “Yozyovon-Lochinlari” klubi rahbariyati transfer oynasi vaqtida PFL talabini bajarishga beparvolik bilan munosabatda bo`ldi.
Faqatgina Pro ligada yozgi tanaffus yakunlanishiga 2 kun qolganidagina ushbu jamoa vakillari harakatga tushishdi. Kecha klub badal pulidan mavjud bo`lgan qarzdorlikning yarmini to`ladi. Shu boisdan “Yozyovon-Lochinlari” klubiga 20-tur o`yinini o`tkazishga ruxsat berildi. Endi mazkur jamoa kelasi tur start olishidan 1 kun avval (14 avgustgacha)to`liq hisob-kitob qilishi zarur bo`ladi. Yo`qsa jamoa Pro-Ligadan muddatidan oldin chetlashtiriladi.