Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon championat.asia bilan oyning eng yaxshilarini aniqlab kelmoqda.
Mazkur so`rovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etdi. Muxlislar ovozi esa PFL rasmiy saytida o`tkazilgan so`rovnoma orqali qabul qilindi.
Bilasiz, iyun-iyul oylarida Rossiya yashil maydonlarida Jahon chempionati-2018 bo`lib o`tdi. Shu sababdan PEPSISuperligada qisqa tanaffus yuzaga keldi va iyun oyida faqatgina bitta tur o`yini tashkil etildi. Shuni inobatga olib, iyun va iyul oylari uchun bitta so`rovnoma tashkil qilishga qaror qilindi. Zero bitta tur natijalari inobatga olinib, iyun oyining eng yaxshilari aniqlanishi biroz nojoiz bo`lar edi. Shu tariqa bu safar iyun oyidagi bitta tur va iyuldagi 5 ta tur uchrashuvlari yakunlariga ko`ra eng yaxshilar aniqlandi.
Ortda qolgan 6 ta turda eng yaxshi natija qayd etgan jamoa – Andrey Fyodorov ustozligidagi “Lokomotiv” bo`ldi. “Temiryo`lchilar” ushbu mutaxassis boshchiligida 5 g`alaba va 1 durang qayd etishdi. O`tkazilgan so`rovnomada ham ko`pchilik aynan Andrey Fyodorov nomzodiga ko`proq ovoz berdi. Ikkinchi pog`ona esa Mirjalol Qosimovga nasib etdi. Uchinchi o`rindan esa Shota Arveladze joy oldi.
Shu tariqa Andrey Fyodorov ilk bora oyning eng yaxshi murabbiyi deya tan olindi. Bunga qadar 2 marta bu nomga sazovor bo`lgan Mirjalol Qosimov bu gal ikkinchi o`rin bilan kifoyalandi. Har oy eng yaxshi bo`lish uchun nomzodlar qatoridan o`rin egallayotgan Shota Arveladzega esa bu safar ham biroz omad etishmadi.