Iyul oyining eng chiroyli goli muallifi – Sherzod Hakimov

Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon championat.asia bilan oyning eng yaxshilarini aniqlab kelmoqda.

Mazkur so`rovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etdi. Muxlislar ovozi esa PFL rasmiy saytida o`tkazilgan so`rovnoma orqali qabul qilindi.

Bilasiz, iyun-iyul oylarida Rossiya yashil maydonlarida Jahon chempionati-2018 bo`lib o`tdi. Shu sababdan PEPSI Superligada qisqa tanaffus yuzaga keldi va iyun oyida faqatgina bitta tur o`yini tashkil etildi. Shuni inobatga olib, iyun va iyul oylari uchun bitta so`rovnoma tashkil qilishga qaror qilindi. Zero bitta tur natijalari inobatga olinib, iyun oyining eng yaxshilari aniqlanishi biroz nojoiz bo`lar edi. Shu tariqa bu safar iyun oyidagi bitta tur va iyuldagi 5 ta tur uchrashuvlari yakunlariga ko`ra eng yaxshilar aniqlandi.

Ortda qolgan 6 ta tur doirasidan o`rin olgan uchrashuvlarda bir qator chiroyli gollar kiritildi. Bir qancha futbolchilar raqib darvozasini chiroyli tarzda ishg`ol etib, muxlis-u mutaxassislar olqishlariga sazovor bo`lishdi. Ular ichidan 6 ta saralab olingan nomzodlarga PEPSI Superliga klublari bosh murabbiylari, sardorlari hamda PFL saytida muxlislar ovoz berishdi. Iyul oyining eng chiroyli goli deya e`tirof etilish uchun kurash ancha qizg`in tarzda kechdi.

Yakunda Sherzod Hakimov tomonidan “Bunyodkor” darvozasiga kiritilgan gol 1-o`rinni egalladi. Murabbiylar va sardorlarning 8 nafari Hakimovning golini 1-pog`onaga loyiq ko`rdi. Shuningdek, muxlislar o`rtasida tashkil etilgan so`rovnomada ham Sherzod Hakimov eng ko`p ovoz yig`di.

Ikkinchi pog`ona esa Javlon Ibrohimovga nasib etdi. Uning “Neftchi” darvozasiga kiritgan goli jami 33 ochko jamg`ardi. Uchinchi o`rin esa Vladimir Kozakni 1 ochkoga ortda qoldirgan Sardor Rashidovga nasib etdi. 

Ta`kidlash joiz, mart oyida eng chiroyli gol muallifi deya Aziz Turg`unboev e`tirof etilgan edi. Aprelda Elguja Grigalashvili, mayda esa Arslonmurod Omonov oyning eng chiroyli gollariga mualliflik qilishgandi. 

 

 

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb