Xabaringiz bor, PFL joriy mavsumdan boshlab klublarning har qanday ko`rinishdagi qarzdorliklarini o`z vaqtida barataraf etishlariga jiddiy e`tibor qaratmoqda.
Klublar oldiga yozgi transferlar yopilguniga qadar barcha qarzdorliklarini bartaraf etish vazifasi yuklatilgan edi. Biroq ayrim klublar mazkur holatga beparvolik bilan munosabatda bo`lishdi. Jumladan, Haqqulobodning “Norin” jamoasi Pro ligada yozgi tanaffus yakunlanguniga qadar ham mavjud qarzdorliklarni o`z vaqtida uzish bo`yicha amaliy harakatlar amalga oshirmagani sababli “Dinamo” qarshi o`yinda haqqulobodliklarga texnik mag`lubiyat yozilgan edi.
Bugun Pro liga 19-tur uchrashuvlari doirasidan o`rin olgan “Yozyovon” – “Xotira-79” o`yini ham o`tkazilmadi. Bunga sabab yozyovonliklar badal puli va tartib-intizom qo`mitasi qarorlari bo`yicha qarzdorlikni o`z vaqtida uzish borasida etarlicha amaliy ishlar bajarishmadi. Jamoa vakillari Pro ligada yozgi tanaffus yakunlanishiga 2 kun qolganidagina harakatga tushishdi. Biroq allaqachon kech bo`lib ulgurgan edi.
Shu o`rinda qayd etish joizki, PFL xuddi shunday vaziyatda bo`lgan “Xorazm” hamda “Xotira-79” jamoalariga nisbatan bunday qat`iy choralar ko`rmadi. Sababi “Xorazm” va “Xotira-79” jamoalari yozgi transferlar yakunlanishidan avval mavjud kamchilik va qarzdorliklarni uzish bo`yicha kafolat xati taqdim etishdi. Biroq “Yozyovon” hamda “Norin” jamoalari rahbariyati mazkur holatga beparvolik qilishdi.