O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon har oy eng yaxshilarni aniqlash uchun o`tkazib kelayotgan so`rovnomasini davom ettiradi.
Mazkur so`rovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etadi. Muxlislar ovozi esa bundan buyon PFL rasmiy sayti www.PFL.uzda bo`ladigan so`rovnoma orqali qabul qilinadi.
Bilasiz, iyun-iyul oylarida Rossiya yashil maydonlarida Jahon chempionati-2018 bo`lib o`tdi. Shu sababdan PEPSISuperligada qisqa tanaffus yuzaga keldi va iyun oyida faqatgina bitta tur o`yini tashkil etildi. Shuni inobatga olib, iyun va iyul oylari uchun bitta so`rovnoma tashkil qilishga qaror qilindi. Zero bitta tur natijalari inobatga olinib, iyun oyining eng yaxshilari aniqlanishi biroz nojoiz bo`lar edi. Shu tariqa iyun oyidagi bitta tur va iyuldagi 5 ta tur uchrashuvlarida o`zlarini yaxshi tomondan ko`rsata olgan laureatlar aniqlanishi jarayoni boshlandi.
Ortda qolgan 6 ta tur uchrashuvlari davomida bir qator futbolchilar juda ajoyib o`yin namoyish etib, muxlislar e`tirofiga sazovor bo`lishdi. Shu o`rinda, ortda qolgan oyda bir necha futbolchining sermahsullik namoyish etganiga ham guvoh bo`ldik. Jumladan, “Lokomotiv” hujumchisi Marat Bikmaev 6 o`yinda maydonga tushib, 5 ta gol kiritdi va 2 golli uzatmani amalga oshirdi. “Qo`qon-1912” himoyachisi Murod Xolmuhammedov esa 11 metrli nuqtadan adashmay 5 bora raqiblari darvozalarini aniq nishonga oldi. Shuningdek, Tiago Bezerra, Yovan Jokich, Sardor Rashidov, Zohid Abdullaev hamda Javlon Ibrohimov ham o`z jamoalariga gol hamda ishonchli o`yini bilan naf keltirishdi.
Qayd etish joizki, bu galgi nomzodlar ichidan Tiago Bezerra hozirga qadar 2 marta oyning eng yaxshisi deb topilish uchun da`vogarlar safidan joy olgan edi. Javlon Ibrohimov aprelda, Zohid Abdullaev esa may oyida ham eng yaxshi bo`lish uchun nomzodlar orasidan o`rin egallashgandi. Ko`ramiz, bu safar omad qaysi futbolchiga nasib etar ekan…
Oyning eng yaxshi futbolchisi uchun nomzodlar
Marat Bikmaev (“Lokomotiv”) – 6 o`yin, 5 gol, 2 golli uzatma
Murod Xolmuhammedov (“Qo`qon-1912”) – 6 o`yin, 5 gol
Tiago Bezerra (“Paxtakor”) – 6 o`yin, 4 gol
Yovan Jokich (AGMK) – 6 o`yin, 4 gol
Sardor Rashidov (“Lokomotiv”) – 6 o`yin, 3 gol
Zohid Abdullaev (“Metallurg”) – 6 o`yin, 3 gol
Javlon Ibrohimov (“Bunyodkor”) – 4 o`yin, 3 gol, 1 golli uzatma
Ovoz berish jarayoni PFL rasmiy saytida davom etmoqda - www.PFL.uz