Pro-Liganing 4 klubi o`yinlarga qo`yilmasligi mumkin

O`zbekiston Professional futbol ligasi o`z futbolchilari oldida qarzdor bo`lib qolgan klublar bilan jiddiy ish olib borayotgani ma`lum. Bundan tashqari klublar o`z zimmalaridagi boshqa qarzdorliklarni ham bartaraf etgan bo`lishlari lozim.

Avgust oyi kelgan bo`lsa-da, ayrim klublar qarzdorlik masalasini yopganicha yo`q. Shundan kelib chiqib, Farg`onaning “Yozyovon” hamda Namanganning “Norin” futbol klublari 4—5 avgust kunlari o`z o`yinlarini o`tkaza olmasliklari katta ehtimol. “Norin” 4 avgust kuni o`z uyida “Dinamo”ni qabul qilishi, ertasiga esa “Yozyovon” maydonida “Xotira-79” mehmon bo`lishi kerak edi.

Mazkur klublar butun iyul oyida deyarli hech qanday ish bajarganicha yo`q. O`yinga ikki kun vaqt qolganida esa klub vakillari harakatga keldi. Agar uchrashuv startiga qadar vaziyat ijobiy tomonga o`zgarmasa, PFL komissarlari mezbonlarga texnik mag`lubiyat yozadi. Bu hol ikkinchi bor takrorlansa, klublar Pro-Liga o`yinlaridan chetlashtiriladi.

“Xorazm” klubi rahbariyati transfer oynasi vaqtida qarzdorliklar yuzasidan ish olib borgan bo`lib, 5 avgustga qadar bu ishni yakunlash bo`yicha kafolat xati taqdim etgandi. Klub o`z va`dasida turmasa, 9 avgust kuni “Orol”ga qarshi uchrashuvni o`tkaza olmaydi.

Xuddi shunday kafolat xati “Xotira-79” futbol klubida ham bor. Jamoa rahbariyati o`z gardaniga mas`uliyatni his qilmasa, mazkur klubni ham yuqoridagi kabi taqdir kutib turibdi.   

Professional futbol ligasi klublar o`zini o`nglab olishi uchun etarlicha vaqt berdi. Bundan buyog`iga talab qat`iy bo`ladi. O`z muammolari atrofida o`ralashib qolayotgan klublar 2019 yildan boshlab faoliyatini formati o`zgarayotgan ikkinchi ligada davom ettirishi mumkin bo`ladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb