Xabaringiz bor, O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon oyning eng yaxshilarini aniqlash uchun o`tkazib kelayotgan so`rovnomasini davom ettiradi.
Mazkur sorovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etadi. Muxlislar ovozi esa bundan buyon PFL rasmiy saytida bo`ladigan so`rovnoma orqali qabul qilinadi.
Bilasiz, iyun-iyul oylarida Rossiya yashil maydonlarida Jahon chempionati-2018 bo`lib o`tdi. Shu sababdan PEPSI Superligada qisqa tanaffus yuzaga keldi va iyun oyida faqatgina bitta tur o`yini tashkil etildi. Shuni inobatga olib, iyun va iyul oylari uchun bitta so`rovnoma tashkil qilishga qaror qilindi. Zero bitta tur natijalari inobatga olinib, iyun oyining eng yaxshilari aniqlanishi biroz nojoiz bo`lar edi. Shu tariqa iyun oyidagi bitta tur va iyuldagi 5 ta tur uchrashuvlarida o`zlarini yaxshi tomondan ko`rsata olgan laureatlar aniqlanishi jarayoni boshlandi.
Ortda qolgan 6 ta tur doirasidan o`rin olgan uchrashuvlarda bir qator chiroyli gollar kiritildi. Bir qancha futbolchilar raqib darvozasini chiroyli tarzda ishg`ol etib, muxlis-u mutaxassislar olqishlariga sazovor bo`lishdi. Ular ichidan 6 ta saralab olingan gol Iyul oyining eng chiroyli goli bo`lishga da`vogarlik qilmoqda. Nomzodlar qatoridan o`rin olgan Javlon Ibrohimov hamda Sardor Rashidov mavsum boshidan buyon ikkinchi marta eng chiroyli gol muallifi bo`lish uchun da`vogarlar safidan o`rin egallashdi.
Qolaversa, ilk marta ikki aka-uka tomonidan kiritilgan gollar oyning eng chiroyli goli bo`lishda raqobatlashmoqda. Ko`ramiz, Sanjar Rashidov va Sardor Rashidov tomonidan kiritilgan gollardan qay biri ko`proq ovoz olar ekan...
Oyning eng chiroyli goli uchun nomzodlar
Shoxruz Norxonov (“So`g`diyona” – “Buxoro”)
Sanjar Rashidov (“So`g`diyona” – “Buxoro”)
Javlon Ibrohimov (“Bunyodkor” – “Neftchi”) (1 gol)
Sherzod Hakimov (“Bunyodkor” – “Neftchi”)
Sardor Rashidov (“Qo`qon-1912” – “Lokomotiv”)
Vladimir Kozak (“Paxtakor” – “Buxoro”)