O`FAda klublar vakillari va komissarlarning qo`shma yig`ilishi bo`lib o`tdi

O`zbekiston Superligasi hamda Pro-ligasi doirasidagi uchrashuvlarning yuqori darajada tashkil etilishini ta`minlash maqsadida bugun O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi majlislar zalida klublar vakillari hamda PFL tomonidan o`yinlarga komissar sifatida tayinlanadigan mas`ullarning qo`shma yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda O`zPFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo`jaev, O`FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig`i Ma`mur Saidqosimov hamda O`zPFL sport bo`limi boshlig`i Bahodir Mirzaev Superliga hamda Pro-liga doirasidagi o`yinlarning tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o`tkazilishi uchun zarur talablar haqida ma`lumot berib, o`z navbatida ayrim uchrashuvlar davomida yuzaga kelgan bir qator kamchiliklarni qanday bartaraf etish mumkinligi xususida so`z yuritishdi. Qolaversa, klublar vakillari o`yinning tashkiliy masalalari bo`yicha o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Xususan, uchrashuvning yuqori saviyada o`tishi uchun mas`ul deya tayinlanadigan komissarlarning vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar muhokama qilindi. Klublar vakillari hamda komissarlarning uchrashuv vaqtida o`zaro hamjihatlikda ish olib borib, Superliga hamda Pro-liga doirasidagi o`yinlarning talab darajasida o`tkazilishini ta`minlashlari zarurligi e`tirof etildi. 

Bir qator klublar vakillari komissarlar ishini yanada yaxshiroq yo`lga qo`yish va o`yin atrofidagi tashkiliy masalalarni yanada yaxshilash bo`yicha o`z takliflarini bildirishdi. Yig`ilish yakunida O`zPFL va klublar mavsumning qolgan ikkinchi qismini ham munosib o`tkazib, o`yin va uning atrofidagi tadbirlarni o`zaro hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etish bo`yicha kelishib olishdi.  

mib
uzcard
cola
apex
bmb