Jasur Hasanov: “Mavsumni kuchlilar safida yakunlashni xohlaymiz”

Pepsi Superligasida jahon chempionati munosabati bilan berilgan ta`til ham poyoniga etib qoldi. Barcha jamoalar singari Bekobodning “Metallurg” klubida ham hal qiluvchi o`yinlarga tayyorgarlik jarayoni jiddiy olib borilyapti.

Bekobodliklar etakchilaridan biri Jasur Hasanov PFL rasmiy saytiga yangi mavsum, jamoa oldiga qo`yilgan vazifalar to`g`risida gapirib berdi.

-  Jasur, mashg`ulotlarni kuzata turib, sizning umumiy guruhdan ajralgan holda alohida shug`illanganingizga shohid bo`ldik. Jarohatdan to`liq qutilmadingizmi? Tiklanish jarayoni qanday kechayapti?

-  To`g`ri qayd etdingiz, hozircha jismoniy tayyorgarligimni ushlab turish uchun individual tarzda shug`ullanayapman. Xabaringiz bor, birinchi davraning “Qizilqum”ga qarshi kechgan safar uchrashuvi paytida oyoq paylarimni cho`zib olgandim. Qisqa davolanishdan keyin o`zimga kelgandek bo`ldim. Murabbiylarimiz shoshilmaslikni, yaxshilab sog`ayib olishimni aytishdi. Ammo hal qiluvchi o`yinlar ketayotgan bir paytda tezroq jamoadoshlarimga yordamga oshiqdim, o`zimni o`yinlarga yuz foiz tayyordek his etdim. “Lokomotiv” hamda “Nasaf”ga qarshi uchrashuvlarga zahiradan maydonga tushirishlarini so`radim. Afsuski, jarohatdan to`liq qutilmaganligim ma`lum bo`ldi. Mana endi yana o`sha jarohat asoratlarini bartaraf etish bilan mashg`ulman.

-  Safga qachon qaytasiz?

-  Bir narsa deyolmayman. Murabbiy va shifokorimizning ta`kidlashicha men yana ikki uch tur jamoadoshlarimga yordam bera olmayman.

-  Ta`til qanday kechdi? Chempionatni sog`inib qolgandirsizlar?

-  Albatta. Bu yil chempionatimiz juda qiziqarli kechayapti. Xuddi Evropaning kuchli chempionatlaridagi singari hech bitta uchrashuvda natijani oldindan bashorat qilib bo`lmayapti. Tomoshabinlarning tashrifi oshganini aytmaysizmi. Bunday chempionatni sog`inmay bo`larkanmi? Hatto jahon chempionati ketayotgan bir paytda ham xayolimiz o`zimizning chempionatimizda. Mavsum tezroq davom ettirilsa-yu, yana ishqibozlarimiz qarshisida chiroyli o`yinlarimiz bilan ularni xursand etishga kirishsak, deymiz. Pepsi Superligasi o`zimizga ham juda manzur bo`lyapti. Har bitta uchrashuv bayramona tarzda tashkillashtirilmoqda. E`tibor bering, mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga qanday katta e`tibor berilmoqda. Birgina Bekobod shahri misolida olib qaraydigan bo`lsak, qisqa fursat ichida “Markaziy” stadionimiz tanib bo`lmaydigan darajada o`zgardi. Yangicha qiyofa kasb etdi. Jamoada futbolchilarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bunday e`tiborga faqatgina munosib o`yinlar bilan javob berish kerak, deb o`ylayman.

-  “Metallurg” ayni paytda oltinchi o`rinda borayapti. Jamoa o`z oldiga qo`yilgan vazifani qanchalik uddalayapti?

-  Mavsum arafasida jamoamiz tarkibi deyarli yangilandi. Yangi murabbiylar shtabi ish boshladi. Birinchi mavsumning o`zidayoq bunday o`zgarishlar bilan katta vazifalarni bajarish qiyin bo`lardi. Biroq murabbiylarimiz tanlagan yo`l, olib borayotgan siyosat to`g`riligi natijalarimizda aksini topayapti deb o`ylayman. Yuqorida aytib o`tganimdek, bu yil oson o`yinlarning o`zi yo`q. O`z navbatida barcha jamoalar yuksak maqsadlar sari harakatlanishayapti. Bizning jamoamiz oldiga ham kuchli oltitalikka kirish vazifasi qo`yilgan. Hozircha oltinchi o`rinda borayapmizmi, demak vazifa sari og`ishmay harakatlanayapmiz. Eng asosiysi, ahil, uyushqoq, hamfikr yigitlardan iborat jamoaga egamiz. Bunday kollektiv bilan esa bemalol har qanday vazifani bajarsa bo`ladi.

-  Ikkinchi davrada qolgan uchrashuvlarning katta qismi safar o`yinlari, bu sizlarni cho`chitmayaptimi?

-  Aslo. Safarda mezbon jamoani to`liq qo`llab quvvatlayotgan muxlislar qarshisida to`p surish oson emas. Biroq biz “Lokomotiv”, “Nasaf” singari kuchli jamoalar muxlislari qarshisida o`ynadik. Ochkoli bo`ldik. Demak, maqsad sari intilinsa, ishtiyoq katta bo`lsa har qanday qiyin vazifani bajarsa bo`ladi.

  

 “Metallurg” matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb