AGMK jamoasi PEPSI Superligasida yuzaga kelgan qisqa tanaffusdan unumli foydalanib, Belorussiya poytaxti Minsk shahrida o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazmoqda.
Olmaliqliklar safida mana ikki mavsumdirki ishonchli o`yin namoyish etib kelayotgan 28 yoshli belorussiyalik himoyachi Vladislav Kasminin PFL rasmiy saytiga milliy chempionatimizning joriy yilgi mavsumi qanday o`tayotgani borasidagi fikrlarini bildirib o`tdi.
"Joriy yilgi O`zbekiston chempionati ilk turlardanoq ancha qiziqarli ko`rinish oldi. Jamoalar kuchli oltilikka kirish uchun jiddiy kurash olib borishmoqda. Chempionat o`tkazilish formatiga o`zgartirish kiritilgani liganing shiddatli o`yinlari soni ortishiga olib keldi, deb bemalol ayta olaman. Zero har qanday yangilik avvalo yangi marralar uchun qo`yiladigan dastlabki qadamdir. Mana O`zbekiston chempionati Superligaga o`zgarganidan so`ng jamoalar o`rtasida raqobat sezilarli darajada kuchaydi. Bu esa liga uchun foydalidir", - deya gap boshladi belorussiyalik futbolchi.
"Superligada shunchaki o`tkinchi o`yinlar qolmadi hisob. Futbolchilar ham o`zlaridan talab qilinayotgan o`yinni imkon qadar namoyish etishga urinishmoqda. Sekin-asta O`zbekistonga tashrif buyurayotgan legionerlar darajasi ham kuchaymoqda. Buni ancha ijobiy baholagan bo`lardim. Endilikda har bir jamoa yakunda 3 ochkoga ega chiqish uchun bor imkoniyatini ishga solib o`ynamoqda. Bu muxlislar uchun ham chempionat jozibasini oshirib beradi", - deydi mahoratli himoyachi.
Stadionlarga muxlislar tashrifi ortayotgani haqida gapirarkan Kasminin bu holat futbolchilarni yanada yaxshiroq o`ynashga undashini ta`kidladi.
"Bu yil O`zbekiston Superligasi o`yinlari deyarli to`la stadionlarda o`tmoqda. Mana bu juda quvonarli holat. Zero futbolchilar ham ko`p sonli muxlislar qo`llab-quvvatlab tursa, imkon qadar chiroyli o`yin ko`rsatadi. Ayniqsa, Namanganda, Buxoroda va boshqa stadionlarda atmosfera juda ajoyib taassurot qoldirmoqda. Sekin-asta o`zbek futboli oldinga qadam tashlamoqda. Bundan xursandman", - deya milliy chempionatimiz haqidagi o`z fikrlarini bildirdi AGMK jamoasining etakchilaridan biri.
AGMK matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.