
O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o`tkazib kelinadigan mamlakat kubogining chorak finaliga qur`a tashlash marosimi jonli ko`rsatiladi. Tashkilot bu masalada “Sport” telekanali bilan kelishuvga erishdi.
1/8 final marosimiga qur`a tashlash marosimi ham jonli namoyish etilgan bo`lib, unda jamoalar qanday raqibga tushishi mumkinligi masalasi futbol muxlislarining katta qiziqishiga sabab bo`lgandi. Avval aytilganidek, bundan buyon qur`a jarayonlari imi-jimida o`tib ketmaydi.
8—9 iyul kunlari Pepsi Superliganing 16-tur bellashuvlari bo`lib o`tadi. 9 iyul kuni “Bunyodkor” klubi mazkur tur doirasida “Qizilqum”ni qabul qiladi. “Sport” bilan kelishuvga ko`ra, uchrashuv tanaffusida O`zbekiston Kubogining 1/4 final bosqichiga qur`a tashlanadi. Jonli efir “Milliy” stadionining o`zida bo`ladi. Stadionda jam bo`lgan muxlislar marosimni katta ekranda tomosha qilishi mumkin. Stadionga kela olmaganlar esa tanaffus vaqtida efirdan uzoqlashmasligi kerak bo`ladi.
Eski taqvimga ko`ra, O`zbekiston Kubogining finali dekabrga qolib ketayotgandi. O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirig`iga ko`ra, kubok masalasi qayta ko`rib chiqildi va final o`yini 28 oktyabr — yakshanba kuniga tayin qilindi. Katta ehtimol bilan bu vaqtda futbol o`ynash uchun ajoyib ob-havo hukmron bo`ladi. O`FA ham o`z navbatida final o`yinini katta bayram qilib o`tkazishni rejalashtirgan.
Kubokning 1/4 final bosqichi avval belgilangani kabi 12—13 iyul kunlarida emas, balki 17—18 sentyabr sanasida o`tadi. Yarim finallar esa 27 sentyabrga belgilangan. O`zgarishga ko`ra, yarim final bellashuvlari ham qolganlari kabi faqatgina 1 ta o`yindan iborat bo`ladi (uy-safar emas). Bu bosqich uchun ham alohida qur`a marosimi bo`lib o`tadi. Mezbon jamoalar nomiga ham qur`a oydinlik kiritib beradi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Kubogining 1/4 finaliga qadar quyida klublar etib kelgan: “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Qizilqum”, “Qo`qon-1912”, AGMK, “Mash`al” va “Andijon”.