Superliganing 3 ta klubi xorijda yig`in o`tkazadi

Rossiya yashil maydonlarida o`tayotgan Jahon chempionati-2018 munosabati bilan O`zbekiston PEPSI Superligasida tanaffus yuzaga kelgan. 

Jamoalar 15-tur uchrashuvlarini o`tkazgandan so`ng qisqa muddatli ta`tilga chiqishgan edi. Sekin-asta Superliga ishtirokchilari mavsumning ikkinchi qismi taraddudini boshlashmoqda. 

Quyida Superliga jamoalarining rejalari haqida ma`lumot beramiz: 

 

“Paxtakor”

Musobaqa jadvalida peshqadamlik qilayotgan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi yozgi tanaffus davrida Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inida qatnashadi. “Sherlar” 20-30 iyun kunlari Turkiyaning Kartepe shaharchasida yig`in olib borishadi. Jamoa Turkiyada 3ta nazorat bellashuvida maydonga tushishni rejalashtirgan. Hozircha jamoa tarkibida o`zgarishlar amalga oshgani yo`q. 

 

 

“Navbahor”

Ikkinchi o`rinda borayotgan “Navbahor” futbolchilari ham qisqa muddatli hordiqdan so`ng 17 iyundan mashg`ulotlarni boshlashdi. Namanganliklar kuniga 2 mahaldan Qibrayda shug`ullanishmoqda. “Navbahor” safiga birinchi davrani “Lokomotiv” tarkibida o`tkazgan yarim himoyachi Sherzod Karimov kelib qo`shildi. 3 nafar futbolchi esa “lochinlar” safini tark etdi. Bular: yarim himoyachilar – Zohir Pirimov, Behruz Sodillaev hamda serbiyalik hujumchi Nenad Inats.          

 

 

“Bunyodkor”

Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarliklar doirasida “Archazor” maskanida mashg`ulotlarga kirishdi. “Qaldirg`ochlar” tog`da 18-27 iyun kunlari mashg`ulotlar olib borishadi. Jamoa hozircha o`zining bir qator etakchilarisiz shug`ullanmoqda. “Bunyodkor”ning 5 nafar a`zosi O`zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibida Turkiyada o`tayotgan yig`inlarda qatnashmoqda. 

 

 

“Buxoro”

“Buxoro” jamoasi bugundan mavsumning ikkinchi qismiga hozirlikni boshlaydi. Jamoa Toshkentda yig`iladi va bir hafta davomida poytaxtda mashg`ulotlar o`tkazadi. Hozircha jamoa safiga yangi kelib qo`shilganlar yo`q. Faqatgina Marko  Klisuro va Sergey Rusetskiy “Buxoro” safini tark etishdi. Toshkent yig`ini davomida buxorliklar nazorat uchrashuvi tashkil etishni ham rejalashtirishgan. 

 

 

“Lokomotiv”

Qisqa ta`tildan so`ng kecha o`z qarorgohida yig`ilgan “Lokomotiv” bugun Belorussiya poytaxti Minsk shahriga jo`nab ketadi. “Temiryo`lchilar” 19 iyundan 3 iyulga qadar Minskda mashg`ulotlar o`tkazishadi. 

Ushbu yig`in davomida rejaga ko`ra 4 ta nazorat uchrashuvlari tashkil etiladi.  Dastlabki nazorat bahsi 22 iyunda Rossiyaning “Tambov” jamoasiga qarshi o`tadi. 

 

 

“Metallurg”

Bugundan “Metallurg” futbolchilari Qibray o`quv-mashg`ulot maskanida hal qiluvchi bahslarga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Jamoa Superligadagi tanaffus so`nggiga qadar Qibrayda shug`ullanadi. O`quv-mashg`ulot yig`inidan tashqari bir qator o`rtoqlik-nazorat uchrashuvlariga ham e`tibor beriladi. Hozircha Bekobod jamoasi safida o`zgarishlar bo`lgani yo`q. 

 

 

“Nasaf”

Qarshining “Nasaf” klubi ertaga o`z qarorgohida to`planadi. Jamoaning legionerlari ayni paytda hodriq chiqarish uchun o`z yurtlariga yo`l olishgan.  “Nasaf”ning 6 nafar futbolchisi esa olimpiya terma jamoasi yig`inida qatnashmoqda. Jamoa kelasi haftadan nazorat uchrashuvlarida ham maydonga tushishni boshlaydi. 

 

 

“Qizilqum”

Navoiyning “Qizilqum” jamoasi 22 iyun kuni poytaxtda to`planadi. Navoiyliklar mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni to`liq Toshkentda olib borishni rejalashtirishgan. Hozircha “Qizilqum” safida o`zgarishlar bo`lganicha yo`q.  Jamoa yig`in doirasida bir qator jamoalar bilan nazorat bahslari o`tkazishni ham mo`ljallab turibdi. 

 

 

“Qo`qon-1912”

Qo`qonliklar ham 20 iyundan Toshkentda yig`inga kirishishadi. Hozircha “Qo`qon-1912”ning ikki nafar futbolchisi olimpiya terma jamoasi tarkibida Turkiya yig`inida ishtirok etmoqda. Qolaversa, tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida serbiyalik legionerlar xordiq chiqarish uchun o`z yurtlariga jo`nab ketishgan.  Qo`qon jamoasi poytaxtda 3 ta nazorat o`yinida maydonga tushishni maqsad qilgan. 

 

 

AGMK

Bugun AGMK jamoasi mavsumning ikkinchi qismiga hozirlik olib borish uchun Minsk shahriga jo`nab ketadi.  19-28 iyun kunlari oralig`ida tashkillashtiriladigan o`quv-mashg`ulotlarida 22 nafar futbolchi ishtirok etadi.  Olmaliqliklar Belorussiyada 3ta o`rtoqlik o`yini o`tkazadi.  Rejaga ko`ra,  21 iyun kuni "Dinamo" (Sochi),  24 iyunda "Baltika" (Kaliningrad) va 27 iyun kuni "SKA Xabarovsk" (Xabarovsk) kabi Rossiya jamoalari sparring raqib vazifasini o`taydi. 

Hozircha birinchi davrani "Nasaf" jamoasida o`tkazgan Jasur Hasanov hamda ilgari Olmaliq jamoasida o`ynagan Zohir Pirimov AGMK safiga kelib qo`shilishdi. Shuningdek,  jamoa tarkibiga yana ikki futbolchi Alisher Samatov va Azamat Isroilov ham taklif etilgan. Agar kelishuv amalga oshsa, ular ham AGMK sharafini himoya etishadi.  

 

 

“So`g`diyona”

“So`g`diyona” jamoasi 17 iyundan boshlab Zominda mashg`ulotlar boshlab yubordi. Jamoa 26 iyunga qadar tog`da futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash ustida ishlaydi. So`ngra 27 iyun kuni jismoniy tayyorgarlik bo`yicha  normativlar topshiriladi. 28 iyundan esa jamoa Toshkentda yig`inning ikkinchi bosqichiga kirishadi. Rejaga ko`ra, “So`g`diyona” poytaxtda 5 ta o`rtoqlik uchrashuvi o`tkazadi.  

 

 

“Neftchi”

Farg`onaning “Neftchi” jamoasi ertadan o`z qarorgohida to`planadi. Jamoa mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni dastlab Qirgulida olib borishni rejalashtirgan. Hozircha ukrainalik darvozabon Vitaliy Mirniy o`z yurtida ta`tilni o`tkazmoqda. Mahalliy o`yinchilar esa ertadan jamoa yig`iniga qo`shilishadi. “Neftchi” yuzaga kelgan tanaffus vaqtida bir nechta nazorat uchrashuvlari o`tkazishni rejalashtirgan.   

mib
uzcard
cola
apex
bmb