Bobir Abduxoliqov: Ilgari muxlislar asosan poytaxt jamoalari o`yinini TVda tomosha qilishar edi

PEPSI Superligasi sekin-asta o`zining qizg`in pallasiga kirib bormoqda. Quvonarli jihati shundan iboratki, Superliga doirasida o`tayotgan uchrashuvlarga muxlis-u mutaxassislarning e`tibori yaxshi tarafga o`zgarib bormoqda.

Buni stadionlarga ishqibozlarning tashrifi ortayotgani, mutaxassislarning chempionat tashkiliy masalalari, o`yinlarning shiddati xususida ijobiy fikrlar bildirayotganida ham ko`rish mumkin.

PFL matbuot xizmati bilan suhbatda Qarshining "Nasaf" jamoasi a`zosi Bobir Abduxoliqov Superliganing ilk mavsumi unda qanday taassurot qoldirayotgani haqida so`zlab berdi.

 

- O`tgan yildan e`tiboran futbolimizda yangi davr boshlandi. Amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qanday fikrdasiz?

- O`FA tomonidan olib borilayotgan islohotlarga ijobiy baho beraman. O`ylaymanki, bu hali boshlanishi. Futbolimizda kelgusida ham katta o`zgarishlar ro`y berishini shaxsan kutayapman. Katta o`zgarishlarni birdan yo`lga qo`yish bu – og`ir ish va vaqt talab etadi. Bu borada hamma futbolga oid mutasaddilar bir yoqadan bosh chiqarishi talab etiladi. Avvalo futbol toza bo`lishi kerak.

- Chempionat nomi va o`tkazilish tartibi butkul o`zgardi. Bu borada nima deya olasiz?

- Albatta chempionatimiz nomi Superligaga o`zgargani yaxshi. Bu shuni anglatadiki, chempionatimiz nomiga yarasha maqomga kelishi kerak. Bu borada hali qilinadigan ishlar juda ko`p. Ammo buni uddalasa bo`ladi. Ya`ni rahbarlarimiz bu boradagi talablarini bo`shashtirmasalar maqsadga erishiladi, deb o`ylayman.

- PEPSI Superligasining ilk mavsumi sizda qanday taassurot qoldirmoqda?

- Bu chempionatimiz o`tgan yilgiga qaraganda qiziqarli o`tayapti deb, ayta olaman. Bunga ko`p misollar keltirishim mumkin. Masalan, futbol uchrashuvlarini tashkil  etish OFK talablari darajasida bo`layapti. Chempionat ishtirokchilariga qo`yilgan talablar ham ko`paydi. Bu ishlarni yana davom ettirsak, ko`p narsaga erishamiz.

- Stadionlarga muxlislar tashrifi ortayotgani sizni futbolchi sifatida quvontiryaptimi? Ishqiboz bilan to`lgan stadionda to`p surish o`zgacha zavq bersa kerak...

- Joriy chempionatda muxlislarning stadionlarga qaytishi kuzatila boshlandi. Muxlislar uchun stadionlarda yaratilayotgan sharoitlar ham ancha yaxshilanmoqda. Har bir uchrashuv imkon qadar TVda translyatsiya qilinayapti. Avvallari muxlislar ko`pincha poytaxt jamoalari o`yinini TVda tomosha qilishar edi.  Agar stadionga qancha ko`p muxlis tashrif buyursa, bu futbolchilarga ham zavq beradi. Ularning o`yinga bo`lgan ma`suliyati ortadi. Yaxshiroq o`yin ko`rsatishga harakat qilishadi. Menimcha, bu borada ham qiladigan ishlar hali ko`p. To`g`ri, bizning futbol hali Evropa darajasiga etmagan. Ammo qilib bo`lmaydigan ishning o`zi yo`q. Harakatdan to`xtamasak, buni ham iloji bor. Shu joyda bir taklifimni aytib o`tmoqchiman. Muxlislarni futbolga yanada qiziqtirish bo`yicha OAVlarining ham o`z o`rni va roli bor. Hurmatli jurnalistlarimiz, futbol ishqibozlarini ko`proq qiziqtirishda jonbozlik ko`rsatalar yaxshi bo`lardi. Bo`sh paytlarim internet nashrlarini o`qib boraman. Afsuski haqiqiy, jonkuyar muxlislar hayoti haqida materiallar kam. Agar shunday muxlislar faoliyati OAVlarida keng yoritilsa, bu ham olib borayotgan islohatlarimizga ijobiy ta`sirini ko`rsatgan bo`lardi. Ammo chepmpionatda ishtirok etayotgan biz kabi futbolchilarning ma`suliyati hammanikidan ko`p. Biz futbolchilar, ishqibozlarga yoqadigan o`yin ko`rsatishimiz ko`proq talab etiladi. Buning uchun o`z ustimizda tinmasdan ishlashimiz kerak.

Ma`lumot uchun: Bobir Abduxoliqov bu yilgi chempionatda o`tkazilgan 14 uchrashuvning 11tasida maydonga tushdi va 888 daqiqa harakat qildi. 4 marta raqiblar darvozasini ishg`ol qilgan futbolchi 2 bor hakamlar tomonidan ogohlantirildi. 

 

“Nasaf” FK matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb