Umid Ahmadjonov: O`FA do`stlikka, birdamlikka chorlovchi loyihalarni qo`llab quvvatlashda davom etadi

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Futbol do`stlik uchun” ijtimoiy loyihasining 6-mavsumiga start berilgani va 9 iyun kuni Moskvadagi “Spartak” klubi akademiyasi maydonida mazkur loyihaning ochilish marosimi bo`lib o`tgani haqida xabar berilgandi.

Bu yil ijtimoiy loyihada dunyoning 211 ta mamlakatidan 1500 nafarga yaqin bolalar, milliy assotsiatsiya delegatlari va jurnalistlar ishtirok etishmoqda.

O`zbekistondan mazkur loyihada yosh darvozabon Muslim Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Marupov ishtirok etyapti. Kecha kun davomida loyihaning final bosqichi bo`lib o`tdi. Bugun, 14 iyun kuni esa barcha mamlakat a`zolari ishtirokida “Moskvarium” saroyida katta forum bo`lib o`tdi.

Tadbirni “Gazprom” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Viktor Zubkov ochib berdi. Shundan keyin Ispaniya terma jamoasi va Madridning “Real” klubi sobiq posboni Iker Kasilyas so`zga chiqdi. U o`z nutqida loyihaning ahamiyati, futbol orqali do`stlar orttirish va birlashish muhimligini ta`kidladi.

Forum davomida musobaqa g`oliblari, turli nominatsiyalarda eng yaxshi yosh futbolchilar va eng yaxshi yosh jurnalistlar taqdirlandi. G`oliblarga sovg`alarni Rossiya terma jamoasining eng yaxshi o`yinchilaridan biri hisoblangan Aleksandr Kerjakov va boshqa sport yulduzlari topshirishdi. Tadbir yakunida turli shou-dasturlar o`tkazildi va qo`shiqlar kuylandi.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – butun dunyodagi yosh avlod o`rtasida do`stlik, tinchlik, turli millat va madaniyat vakillariga hurmat kabi yuksak insoniy tushunchalarni targ`ib qilishdan iborat.

O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu kabi loyihalarni hamisha qo`llab-quvvatlashga va ularda faol ishtirok etishga tayyor.

“Futbol do`stlik uchun” loyihasi butun dunyodagi bolalarni futbol atrofida do`stlashishga undagan ajoyib loyiha hisoblanadi. O`zbekiston vakillari mazkur loyihada ikkinchi bor qatnashishiga qaramay, ancha faol tarzda tadbirlarda ishtirok etishdi. O`zbekiston futbol assotsiatsisi bundan keyin ham do`stlikka, birdamlikka chorlovchi, sog`lom turmush tarzini targ`ib qiluvchi, futbolni ommalashishiga, o`zaro hurmatni oshishiga olib keluvchi loyihalarni qo`llab-quvvatlashda davom etadi” , - deydi O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov.

mib
uzcard
cola
apex
bmb