Siz-u bizga ko`plab kutilgan va umuman kutilmagan natijalar taqdim etayotgan PEPSI Superligada bahor mavsumi yakuniga etdi.
Ortda qolgan 3 oy sarhisob qilinganida, oyning eng yaxshi futbolchisi bo`lish uchun kurash ancha qizg`in kechayotganiga guvoh bo`lish mumkin. Zero har oy yangi ijrochilar o`z mahoratini namoyish etib, muxlislar olqishiga sazovor bo`lishmoqda. Mart oyida eng yaxshi bo`lish uchun nomzod bo`lgan o`yinchilar aprelda da`vogarlar safidan joy olishmadi. Bu holat may oyida ham kuzatildi. Faqatgina “Paxtakor” a`zosi Tiago Bezerra 2 marta eng yaxshi futbolchi bo`lish uchun nomzodlar qatoridan joy egalladi va u aprelda uchinchi, mayda esa ikkinchi pog`onani band etdi. Natijada ayni paytga kelib, Bezerra hisobida 3 ochko mavjud va u har uchala oyning eng yaxshisi deb topilgan futbolchilar – Aziz Turg`unboev, Arslonmurod Omonov hamda Sardor Sobirxo`jaev bilan birgalikda eng ko`p ochko jamg`argan futbolchilar bo`lib turishibdi.
Shuningdek, Xurshid G`iyosov hamda Javlon Ibrohimov hisobida 2 ochkodan mavjud. Mart oyida so`rovnoma yakunlariga ko`ra uchinchi bo`lgan Elguja Grigalashvili hamda may oyida uchinchi pog`onani egallagan Shavkat Salomov hisobida mos ravishda 1 ochkodan bor.
Hozircha bahor mana shunday qizg`in kurashlar ostida yakunlandi. Ana endi bor diqqat-e`tiborimiz yozda bo`ladigan uchrashuvlarga qaratiladi. Ko`ramiz, yozda kimlar muxlislar-u mutaxassislar e`tirofiga sazovor bo`lar ekan…