May oyining eng yaxshi futbolchisi – Sardor Sobirxo`jaev

Professional futbol ligasi hamda Championat.asia nashri hamkorligida o`tayotgan oyning eng yaxshilarini aniqlash so`rovnomasi navbatdagi g`olib nomi ham aniqlandi.

Bunga qadar “Navbahor” posboni Botirali Ergashev may oyining eng yaxshi darvozaboni deb e`tirof etilgan edi. “Buxoro” a`zosi Arslonmurod Omonovning “Lokomotiv” darvozasiga urgan goli esa ovoz berish yakunlariga ko`ra eng chiroyli deb topilgan edi. Shuningdek, “Bunyodkor” klubi ustozi Mirjalol Qosimov murabbiylar ichida may oyida tengsiz bo`lgani aniqlashgan edi.

May oyining eng yaxshilarini aniqlash jarayonida topshiriladigan esdalik sovrinlaridan yana biri “Bunyodkor” vakiliga yo`l oladigan bo`ldi. “Qaldirg`ochlar” etakchilaridan biri – Sardor Sobirxo`jaev ovoz berish natijalariga ko`ra oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Mahoratli futbolchi so`rovnomada jami 32 ochko jamg`ardi va “Paxtakor” a`zosi Tiago Bezerrani 2 ochkoga ortda qoldirgan holda g`oliblikni qo`lga kiritdi.

Sardor Sobirxo`jaevni murabbiy va sardorlarning 8 nafari birinchi o`ringa loyiq topishdi. 3 nafar ovoz beruvchi uni ikkinchi o`ringa loyiq ko`rgan bo`lsa, yana 2 nafari Sobirxo`jaevni uchinchi pog`onaga joylashtirgan.

Tiago Bezerrani bo`lsa ovoz beruvchilarning 4 nafari birinchi o`ringa joylashtirgan. 6 nafari esa ikkinchi o`ringa loyiq ko`rgan. Yana 4 nafari “Paxtakor” a`zosini uchinchi sifatida ko`rsatgan. Shuningdek, muxlislar ovoz berishi natijasiga ko`ra Bezerra yana 2 ochko ishlab oldi.

Kuchli uchlikni “Buxoro” jamoasi sardori Shavkat Salomov yakunlab berdi. Tajribali futbolchi so`rovnoma yakunlariga ko`ra jami 26 ochko jamg`arishga erishdi. Muxlislar Salomovni ikkinchi o`ringa loyiq ko`rishgan edi.

Diqqatga sazovor jihati shundan iboratki, muxlislar ovozlari natijasiga ko`ra, “Navbahor” o`yinchisi A`zam Aliev eng ko`p ovoz olgan edi. Lekin Superliga jamoalari va sardorlaridan faqatgina 3 nafari Alievni birinchi o`ringa, yana 1 nafari ikkinchi o`ringa loyiq ko`rishgan. Natijada A`zam Aliev umumiy hisobda 17 ochko to`pladi xolos. 

Shu tariqa, mart oyida Azizbek Turg`unboev, aprelda Arslonmurod Omonovdan so`ng may oyida Sardor Sobirxo`jaev eng yaxshi futbolchi deya e`tirof etildi.

 

Kim kimga ovoz bergani borasidagi ma`lumot Championat.asia nashrida e`lon qilinadi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb