Anchagina qiziqarli tarzda o`tayotgan PEPSI Superligada bahor mavsumi yakuniga etdi.
Ortda qolgan 3 oy sarhisob qilinganida, oyning eng yaxshi murabbiylari ichida “Bunyodkor” ustozi Mirjalol Qosimov boshqalardan ilgarilab ketganiga guvoh bo`lamiz. Tajribali mutaxassis 3 oyda 2 marta oy laureati bo`lishga erishdi. Qosimov mart va may oylarida tengsiz deb e`tirof etildi. Natijada uning hisobida ayni paytga kelib, jami 6 ochko mavjud bo`lib turibdi.
Undan keyingi o`rinni esa hali biror marta ham g`oliblikni qo`lga kiritmagan “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze egallab turibdi. Arveladze oyning eng yaxshi murabbiyi bo`lish uchun har oy da`vogarlik qilmoqda. Biroq yakuniy ovoz berish natijalariga ko`ra mukofot boshqa mutaxassislarga yo`l olmoqda. Shunday bo`lsa-da, hozircha har oy nomzodlar qatoridan o`rin egallayotgan yagona murabbiy hisobida 4 ochko bor. Dastlab martda Arveladze xatto kuchli uchlikka ham kira olmagan bo`lsa, aprel va may oylarida “sherlar” ustozi yakunda ikkinchi o`rinni band etdi.
Shuningdek, “Navbahor” bosh murabbiyi Ilhom Mo`minjonov hamda “Metallurg” ustozi Andrey Shipilov 2 ochkodan jamg`arishgan. Mo`minjonov 2 marta uchinchi o`rinni egallagan bo`lsa, Shipilov mart oyi yakunlariga ko`ra ikkinchi pog`onadan joy olgan edi. Qolaversa, aprelda kuchli uchlikdan o`rin olgan “So`g`diyona” bosh murabbiyi Sergey Lushchan hisobida ham 1 ochko mavjud.
Oldinda bizni yozgi mavsum kutmoqda. Ko`ramiz, endi qaysi murabbiylar o`zini ko`rsatarkin…