Professional futbol ligasi hamda Championat.asia nashri hamkorligida o`tayotgan oyning eng yaxshilarini aniqlash so`rovnomasi navbatdagi g`olib nomi aniqlandi.
Bungacha “Navbahor” darvozaboni Botirali Ergashev may oyining eng yaxshi posboni sifatida tan olingan bo`lsa, Arslonmurod Omonovning “Lokomotiv” darvozasiga urgan goli eng chiroyliga aylangandi. Endi esa “Bunyodkor” klubi ustozi Mirjalol Qosimov oyning eng yaxshi murabbiyi uchun beriladigan esdalik sovrinni qabul qilib oladigan bo`ldi.
Mirjalol Qosimov mart oyida ham eng yaxshi bo`lishga erishgandi. U bugun PFL sovrinini ikkinchi marta olayotgan uchinchi insonga aylanadi. Pepsi Superliganing 15-turi doirasida “Bunyodkor” Buxoroda mehmon bo`ladi. Uchrashuv oldidan Arslonmurod Omonovga eng chiroyli goli uchun sovrin beriladi. Qayd etish kerak, u aprel oyida eng yaxshi futbolchi ham bo`lgandi. Yana "Navbahor" a`zosi Azizbek Turg`unboev mart oyida eng yaxshi futbolchi bo`lish bilan bir qatorda oyning eng chiroyli goliga ham mualliflik qilgandi. Qolganlarga hozircha sovringa ikki bor ega chiqish nasib qilmagan.
“Bunyodkor” ustozi may so`rovnomasida jami 50 ochko to`pladi va “Paxtakor”dagi hamkasbi Shota Arveladzeni 4 ochkoga ortda qoldirdi. Qiziq tomoni, tomonlarning mart oyida o`tgan o`yinida Qosimov Arveladzedan ustun kelgandi. May oyidagi takroriy o`yinda esa “Paxtakor”ning qo`li baland keldi. Biroq shunda ham gruziyalik mutaxassis kamroq ovoz to`pladi.
Nomzodlar e`lon qilinganida tarozining pallasi Ilhom Mo`minjonovga og`ishi kerakdek edi. U 4 ta o`yinning hammasida yutgan bo`lsa, Arveladzeda 1 ta durang, Qosimovda 1 ta mag`lubiyat bor edi. Voqealar rivoji esa boshqacha tus oldi.
“Navbahor” safarda “Buxoro”ni, o`z uyida esa “Qizilqum”, AGMK va “Metallurg”ni engib, o`z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Ovoz beruvchilarning 10 nafari Mo`minjonovni 1-o`ringa, 3 nafardani esa 2 va 3-o`ringa loyiq ko`rdi. Muxlislardan “Navbahor” ustozi maksimal ochko oldi. Natijada u to`plagan ballar 45 tani tashkil qildi.
“Paxtakor” esa mayni “Qo`qon-1912”ga qarshi durang bilan boshladi. Keyinroq “Nasaf” va “So`g`diyona”ni safarda, “Bunyodkor”ni o`z uyida engdi. Ovoz beruvchilardan 6 nafari Arveladzega peshqadamlikni loyiq deb bildi. 9 kishi uni ikkinchi, 8 tasi uchinchi o`ringa joylashtirdi. Shota muxlislardan 2 ochko oldi — jami 46 ball.
“Bunyodkor” Toshkent derbisida imkoniyatni boy bergani bilan, AGMK, “So`g`diyona”, “Nasaf” kabi klublardan ustun kela oldi. Natijada 8 kishi Qosimovni peshqadam sifatida ko`rsatdi. Biroq 2-o`ringa uni ko`rsatganlar soni 9 nafar bo`ldiki, mana shu jihati bilan Qosimov Mo`minjonovdan o`zib ketdi. Muxlislar ham “Bunyodkor” ustoziga 4 ochkoni loyiq ko`rdi.
Shu tariqa o`z-o`ziga ovoz bergan murabbiylar emas, Mirjalol Qosimov mayda eng yaxshi bo`ldi. Kim kimga ovoz bergani borasidagi ma`lumot Championat.asia nashrida ko`rinadi. Eslatib o`tamiz, aprel oyida “Buxoro” ustozi Ulug`bek Baqoevga omad kulib boqqandi.