PFL “Labsa” futbol klubini ogohlantiradi

Pro-Liga B zonasining 14-turidan joy olgan “Labsa” — “Lokomotiv-BFK” o`yini belgilangan vaqtdan yarim soat kechroq boshlandi.

O`yin 18:00 ga tayin qilingandi. Biroq mezbon jamoa “Labsa” stadiondagi xavfsizlik masalalarini talab darajasiga keltirmagan. Uchrashuv komissari Baxtiyor Namozov bunday sharoitda o`yin o`tkazishga ruxsat bermagan. Mezbonlar esa shundan keyingina harakatga tushgan.

O`yinda “Labsa” vakillariga texnik mag`lubiyat yozishga yaqin qolgandagina komissar talab qilgan minimum masalalar hal etilgan. Uchrashuv esa 18:30 da start olgan.

PFL mazkur holat yuzasidan “Labsa” futbol klubi rahbariyatini jiddiy ravishda ogohlantiradi va yana 1 ta o`yin uchun imkoniyat beradi. Kelasi turda ham shunday holat davom etsa, komissar 5 daqiqa ham kutmaydi va mezbon jamoaga texnik mag`lubiyat e`lon qiladi.

Ma`lumot uchun, PFL yaqindagina “Yozyovon-Lochinlari” futbol klubini jiddiy ogohlantirgandi. 17 iyun — yakshanba kuni mazkur klub o`z maydonida “Iftixor”ni qabul qiladi. Agar maydonda ijobiy o`zgarishlar ko`zga tashlanmagan bo`lsa, “Yozyovon-Lochinlari”ning uy uchrashuvlarini o`tkazish yoki umuman chempionatdagi keyingi faoliyati qayta ko`rib chiqiladi.

“Labsa”ning navbatdagi uy o`yini esa 21 iyun kuni “Yozyovon-Lochinlari”ga qarshi bo`lib o`tadi. O`sha uchrashuvdagi xulosa mezbonlarning Pro-Ligadagi keyingi taqdirini belgilab berishi mumkin. 17 iyun kuni “Sherdor”ni qabul qiladigan “G`ijduvon” klubi ham vaziyatni nazoratga olishi talab etiladi.

 

Pro-Liga klublariga butun bahor davomida ish yo`lga tushib ketishi uchun vaqt berildi. Iyun oyidan boshlab esa talablar hamma uchun qat`iydir. O`z ustida ishlamaydigan va vaqtinchalik bo`lgan klublar faoliyatini bemalol 2-ligada davom ettirishi mumkin. Pro-Liga talablari esa o`z kuchida qoladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb