O`zbekiston Professional futbol Ligasi o`z tarihida birinchi bor internet tarmog`idagi translyatsiya huquqini sotishga erishdi. Ushbu huquqni O`zPFLdan Shveytsariyada joylashgan “Empower Sports”kompaniyasi 4 yillik muddatga harid qildi.
“Empower Sports” kompaniyasi futbolni internet tarmog`ida mahsus texnologiyalar yordamida translyatsiya qilish yo`nalishida faoliyat olib boradi. O`zbek futboli muxlislariga yaxshi tanish bo`lgan mycujoo.tv platformasi aynan ushbu kompaniyaga qarashlidir. Hozirgi kunda 50dan ortiq mamlakat bilan hamkorlik qilayotgan “Empower Sports” 2017 yilda 3900ta o`yinni internetda jonli tarzda translyatsiya qilgan.
Shu kungacha “Empower Sports” kompaniyasi O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi bilan OFKning qit`ada Ligalarni rivojlantirish dasturi doirasida hamkorlik qilib kelgan va ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Empower Sports”ning rahbariyati O`zbekiston Professional futbol Ligasi tasarrufida o`tayotgan musobaqalarning elektron huquqini harid qilish taklifi bilan chiqqan.
Kelib tushgan taklifni o`rganib chiqqan PFL rahbariyati shartnomani imzoladi. Bu borada, tashkilotning Bosh direktori Omon G`ofurov quyidagi fikrni bildirib o`tdi:
“Empower Sports” kompaniyasi bizga yaxshi ma`lum bo`lgan tashkilot. Qisqa fursat ichida u jadal rivojlanishga erishdi va dunyoning ko`plab Assotsiatsiyalari va Ligalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`ydi. Endilikda biz ham internet tarmog`idagi translyatsiya kontentini rivojlantirishga jiddiy e`tibor qaratishni maqsad qilganmiz”, - deydi Omon G`ofurov.
Mycujoo.tv platformasida futbol ishqibozlari professional futboldan tortib, havaskorlar ligalari, futzal va boshqa turli hil musobaqalar o`yinlarini tomosha qilishlari mumkin.
“Bizning asosiy maqsadlarimizdan biri bu muhlislarda o`zbek futboliga bo`lgan qiziqishni yanada kuchaytirishdir. Bu yil mamlakatimiz rahbariyati va O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi rahbariyati tomonidan ko`rsatilayotgan jiddiy e`tibor tufayli futbolimizda katta o`zgarishlar va islohatlarga guvoh bo`lishimiz mumkin. Albatta O`zbekiston Professional futbol Ligasi ham futbolning har bir jabhasini rivojlantirishni maqsad qilgan. Shunday ekan, biz zamon bilan birgalikda qadam tashlash uchun “Empower Sports” kompaniyasining taklifini qabul qildik”, - deb qo`shimcha qiladi PFL Bosh direktori.

“Hozirgi kunda mamlakatning eng nufuzli futbol musobaqasi bo`lmish “PEPSI Superliga” o`yinlarining deyarli barchasi hamkorimiz bo`lmish “Sport” kanali orqali jonli tarzda efirga uzatilmoqda. Bu holat albatta muhlislarni va mutassaddilarni hursand qilmay qolmaydi, ammo ba`zi xollarda ob`ektiv sabablarga ko`ra, u yoki bu o`yinni jonli kuzatishning imkoniyati bo`lmayapti. Ushbu xolatni bartaraf etish maqsadida biz internet translyatsiyalarga murojat qilishga e`tibor qaratamiz. Hozirgi kunda Superliganing 6 klubi (“Nasaf”, “Paxtakor”, “Qo`qon-1912”, So`g`diyona”, AGMK, “Lokomotiv”) uy uchrashuvlarini translyatsiya qilish imkoniyatiga egalar, qolgan 6 jamoani biz mavsum davomida loyihaga jalb qilamiz va shundan so`ng musobaqaning har bir uchrashuvi internetda jonli tarzda namoyish etiladi. Lekin biz faqatgina Superliga uchrashuvlari bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Bosqima bosqich biz Pro-Liga, Yoshlar ligasi, futzal va ayollar chempionatlarida ishtirok etuvchi jamoalarni ham loyihaga kiritamiz va shu tariqa, dunyoning istalgan burchagida bo`la turib, muxlislar O`zbekistonning turli viloyat va tumanlarida o`tayotgan ko`plab musobaqalarni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`lishadi”, - deb ta`kidladi Omon G`ofurov.