Bugun PEPSI Superligasida 15-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. Kun doirasidan faqat bitta o`yin o`rin olgan bo`lib, unda Navoiyning “Qizilqum” klubi o`z maydonida Jizzaxning “So`g`diyona” jamoasini qabul qiladi.
Uchrashuv soat 19:30da Navoiydagi “Yoshlik” stadionida start oladi. O`yinni Vladislav Tseytlin boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.
11 iyun (dushanba)
“QIZILQUM” – “SO`G`DIYoNA”
Hakamlar: Vladislav Tseytlin, Andrey Snetkov, Akbar Po`latov, Ravshan Abduvohidov.
Nazoratchi – Igor Nexochin.
Komissar – Roman Chernikov.

Ta`kidlash joizki, “Qizilqum” va “So`g`diyona” bugunga qadar milliy chempionatlarimiz doirasida 29 ta uchrashuv o`tkazishgan. O`zaro o`yinlarning 15 tasida navoiyliklar, 7 tasida esa jizzaxliklar g`alaba qozonishgan. Yana 7 ta o`yin esa durang natija bilan yakunlangan.
“Qizilqum” futbolchilari shu paytgacha 39 marta Jizzax shahri jamoasi darvozasiga yo`l topa olishgan. “So`g`diyona” esa 26 marta ushbu raqibi darvozasini ishg`ol etgan.
Qiziq jihati shundan iboratki, har ikki jamoaning ham raqib ustidan qozongan eng yirik hisobdagi g`alabasi – 4:1ni tashkil etadi.
Ayni paytda “Qizilqum” 13ta uchrashuvdan so`ng 13 ochko jamg`argancha, musobaqa jadvalida 10-pog`onani egallab turibdi. “So`g`diyona” esa 12 ochko to`plab, raqibidan bir o`rin quyida joylashgan.
