“Navbahor” – “Qo`qon-1912” uchrashuvidan so`ng o`tkazilgan matbuot anjumanida har ikki jamoa ustozlari va bir nafardan eng yaxshi deya e`tirof etilgan futbolchilar ishtirok etishdi.
“Qo`qon-1912” bosh murabbiyiga yarim himoyachi Javohir Sidiqov hamroxlik qildi. Ilhom Mo`minjonov esa matbuot anjumaniga Azamat Allaniyozov bilan birgalikda tashrif buyurdi.
- O`yindan so`ng kiyinish xonasiga kirgach, yigitlarning tushkun kayfiyatga tushib qolganiga guvoh bo`ldim. Shu sababdan mag`lub bo`lgan bo`lsak ham, bugun o`yinimiz qovushmagan bo`lsa ham o`yinchilarimizga tanbeh berib o`tirmadim. Aksincha, ularni ruhan qo`llab-quvvatlashga urindim. Bu – futbol.Unda mag`lubiyatlar bo`lib turadi. Chempionatni yaxshi boshlagan edik. Lekin so`nggi 4-5 o`yindan beri o`z o`yinimizni namoyish eta olmayapmiz. Raqibga kelsak, “Navbahor” yaxshi o`yin ko`rsatdi. Ushbu jamoani g`alaba bilan tabriklayman, - dedi No``mon Hasanov.
- “Navbahor” jamoasi o`z maydonida juda yaxshi o`yin ko`rsatadi. Xatto grand klublar ham Namanganda mag`lub bo`lishganiga guvoh bo`ldik. Shuni inobatga olib, o`yinga imkon qadar yaxshi hozirlik ko`rishga uringan edik. Biroq o`tkazib yuborilgan tezkor gol barcha rejalarimiz buzib yubordi. Endi mavsum avvalida ko`rsatgan o`yinlarimizni yana qaytarishimiz kerak. Bugun bizni qo`llab-quvvatlagan barcha qo`qonliklarga minnatdorchilik bildiraman, - dedi Javohir Sidiqov.
- Bugungi o`yin ancha chiroyli bo`ldi. Hisob yanada yirikroq ko`rnish olishi ham mumkin edi. Biroq yigitlar ba`zida yaratilgan juda qulay imkoniyatlarni golga aylantira olishmadi. Birinchi galda, ishqibozlarimizni ushbu g`alaba bilan tabriklayman. Bugun maydonga tushgan futbolchilarimiz men bergan ko`rsatmalarni to`liq ado etishdi. Bundan juda mamnunman, - dedi Ilhom Mo`minjonov.

- Bugun stadionga bizni qo`llab-quvvatlash uchun kelgan barcha muxlislarimizni qo`lga kiritilgan chiroyli g`alaba bilan tabriklayman. Biz ustozimiz bergan taktik ko`rsatmalarni imkon qadar yaxshi bajarishga intildik. Hamma bir maqsad yo`lida harakat qildi va yakunda ajoyib g`alaba va 3 ochko qo`lga kiritildi, - dedi Azamat Allaniyozov.