Pepsi Superligada bahor mavsumi yakuniga etdi. Chempionat avvalgilaridan farq qilayotganini ko`rish mumkin.
Oyning eng yaxshilari haqida gap ketganida eng omadsiz darvozabon sifatida “Paxtakor” posboni Eldor Suyunovni ko`rsatish mumkin. Zero u har oy eng yaxshilikka da`vogar bo`ldi, biroq birortasida ham zafar qucha olmadi. Martda sovrin “Bunyodkor”ga, aprelda “Qo`qon-1912” klubiga, mayda esa “Navbahor”ga yo`l oldi.
Shunga ko`ra hisob kitob qilinsa, hozircha Botirali Ergashev hisobida umumiy 5 ochko bor. “Navbahor” posboni mart oyida Zuxurovdan keyin ikkinchi bo`lib, 2 ochko ishlab olgandi. Aprelda esa u da`vogarlar orasida bo`lmadi. Maydagi peshqadamlik esa unga yana 3 ochko berdi.
Eldor Suyunovda ham jamg`arilgan ochkolari soni 5 tani tashkil qilmoqda. Posbon martda uchinchi bo`lgan edi. Keyingi ikki oyda esa O`tkir Yusupov hamda Botirali Ergashev bilan raqobatga engilib, 2 ochko bilan kifoyalandi.
Keyingi o`rinlarni Murod Zuxurov hamda O`tkir Yusupov 3 tadan ochko bilan bo`lib olgan. Sanjar Quvvatov va Evgeniy Cheremisinda mos ravishda 1 tadan ochko bor.
E`tibor berib qaralasa, O`zbekiston milliy terma jamoasining so`nggi ikki o`rtoqlik o`yinida Pepsi Superliganing ilg`op posbonlari darvozani egalladi. Eronga qarshi uchrashuvda Botirali Ergashev ishtirok etgan bo`lsa, Urugvay bilan o`yinga Eldor Suyunov chiqib keldi.
Botirali Ergashev o`sishda davom etishi kerak. Zero uni avgustda Indoneziyadagi Osiyo O`yinlari kutib turibdi. Posbondan hozircha Ravshan Haydarovning umidi katta. U va Eldor Suyunov, shuningdek, 2019 yilgi Osiyo Kubogida ham ishtirok etishlari mumkin. Va albatta, qolgan posbonlar ham o`zlarini ko`rsatishda davom etishlari shart.
Oldinda to`liq yozgi mavsum bor. Xo`sh, endi qaysi darvozabonlar katta sahnada bo`larkin?