Bugundan PEPSI Superligasida 15-tur uchrashuvlari start oladi. Kun doirasidan faqat bitta o`yin o`rin olgan bo`lib, unda Farg`ona vodiysining ikki jamoasi – “Navbahor” va “Qo`qon-1912” o`zaro bahs yuritadi.
Mazkur uchrashuv soat 19:02da boshlanadi. Uni Aziz Asimov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.
15-tur / 10 iyun (yakshanba)
“NAVBAHOR” – “QO`QON-1912”
Hakamlar: A. Asimov, R. Shoyaxmetov, A. Kalinin, D. Karimov.
Nazoratchi – N. Lutfullin.
Komissar – L. Qo`chqorov.
Ta`kidlash joizki, “Navbahor” hamda “Qo`qon-1912” jamoalarining o`zaro uchrashuvlari hamisha qiziqarli tarzda o`tib kelgan. “Vodiy derbisi” maqomi ostida kechadigan o`yinlarda har ikki klub vakillari ham raqibga bo`sh kelmaslikka urinishadi.

Hozirga qadar “Navbahor” O`zbekiston milliy chempionatlari doirasida “Qo`qon-1912”ga qarshi 25ta uchrashuv o`tkazgan. O`zaro o`yinlarning 15tasida namanganliklar g`alaba qozonishgan. 6ta bahs esa “Qo`qon-1912” foydasiga hal bo`lgan. Yana 4ta uchrashuv durang bilan nihoyasiga etgan. “Navbahor” futbolchilari ushbu raqib darvozasiga 50ta to`p kiritishga muvaffaq bo`lishgan. Qo`qonliklar esa “Navbahor” darvozasiga 28 marta yo`l topa olishgan.
Jamoalarning birinchi davradagi o`yini qo`qonlik futbolchilar foydasiga hal bo`lgan edi – 1:0.
Ayni paytda “Navbahor” jamoasi 13ta uchrashuvdan so`ng 24 ochko jamg`arib, musobaqa jadvalida 3-pog`onada bormoqda. “Qo`qon-1912” esa 15 ochko bilan 8-o`rinni band etgan.
