PFL hamda Championat.asia hamkorligidagi oyning eng yaxshilarini aniqlash masalasiga ovozlar kelishi davom etmoqda.
AGMK masalasi ancha qiziq bo`ldi. Klub bosh murabbiy Viktor Kumikovni iste`foga chiqargani sabab, bo`lajak bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning ovozini taqdim etdi. PFL esa may oyida mehnat qilgan Kumikov qolib, Ashurmatovning ovozini qabul qilishni istamadi. Shu bois biz Kumikov bilan aloqaga chiqib, uning ovozlarini yozib oldik.
Rossiyalik mutaxassis Sardor Sobirxo`jaevni peshqadam sifatida ko`rsatdi. AGMK sardori Lutfulla To`raev esa Shavkat Salomovga ovozini berdi. Murabbiylar masalasida Kumikov Arveladzeni, To`raev Qosimovni eng yaxshi deb topdi.
Darvozabonlarda har ikki kishi Eldor Suyunovni olqishladi. Gollarda ham fikrlar bir joydan chiqdi — Arslonmurod Omonov.
PFL shu bilan ovoz qabul qilishni to`xtatdi. Bizga Pepsi Superliganing 12 ta klubidan ovozlar kelib tushdi. Shuningdek, muxlislar Championat.asia nashrida ovoz berdi. Yakuniy natijalar ertaga — 10 iyun kuni e`lon qilinadi.
P.S. Jamoalar, murabbiylar, futbolchilar o`rtasida sog`lom raqobat, erkin fikrning bor ekani yaxshi. Kelasi oydan boshlab PFL kim kimga ovoz bergani borasidagi ma`lumotnigina taqdim etadi. Ovoz berishdagi qiziqarli jarayonlarni esa Championat.asia nashri tahlil qiladi.