Futzal bo`yicha mamlakat chempionatining 11-tur o`yinlari bilan birinchi davra yakuniga etdi – Olmaliqning AGMK jamoasi yaqin ta`qibchisini to`qqiz ochkoga ortda qoldirmoqda, autsayder “Qizilqum”da esa bor-yo`g`i bir ochko bor, xolos.
Chempionatning birinchi davrasi qiziqarli uchrashuvlarga, kutilmagan natijalarga boy bo`ldi. Futzal bo`yicha mamlakat terma jamoasining deyarli sobiq a`zolari jam bo`lgan Olmaliqning AGMK jamoasi birinchi davrada “Paxtakor” va “Neftchi”ga bir marotabadan mag`lub bo`lgan holda turnir jadvalida boshqalar uchun etib bo`lmas vaziyatda peshqadamlik qilmoqda. Chempionatning ikki karra va amaldagi chempioni AGMKni ketma-ket ta`qib qilayotgan “Paxtakor” esa karvonboshidan to`qqiz ochkoga ortda qolyapti. Katta ehtimol bilan chempionat yakunida jamoalar sovrinlarni shu tartibda qo`lga kiritsa kerak.
Uchinchi o`ringa da`vogarlar esa ko`pchilikni tashkil etyapti. “Neftchi”, “Buxoro”, “Metallurg”dan aynan qaysi jamoa uchlikka ilashib qolishini hozirdan aytish qiyin. “Neftchi”da ham termaning Yusufjonov, Mamajonov, Tojiboev kabi o`z davrining etakchi va mohir sobiq a`zolari bor, “Buxoro” va “Metallurg” garchi mahalliy yigitlar evaziga to`p surishayotgan bo`lsa-da, ularda g`alabaga shijoat kuchli bo`layotganligiga guvoh bo`lish mumkin. Aytaylik, so`nggi turdagi har ikkala o`yinda ham “Buxoro” peshqadamlarni rosa “boshini og`ritdi”, faqat tajriba hamda omadgina olmaliqliklarning g`alabasini ta`minladi, vaholanki, Kogon futzal maktabi tarbiyalanuvchilari Fuzuliy Hayrullaev ustozligida chiroyli va mazmunli o`yin ko`rsata olishdi.
O`rtamiyonalar qatodagi “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Lokomotiv”, “So`g`diyona”, “Qo`qon-1912” va “Navbahor” jamoalari ichida ikkinchi davrada qaysilari yuqoriga intilishini bashorat qilish mushkul. Autsayder esa hozircha bitta – “Qizilqum”. Navoiyliklar 22ta uchrashuvdan atigi bittasida durang qayd eta olishdi, xolos, boshqalarini boy berishdi.
Birinchi davrada bitta texnik natija qayd etildi. Musobaqa qonun-qoidasiga binoan bitta tur ikki kunda ikkita o`yin sifatida o`tkaziladi. 11-turning birinchi uchrashuviga, “Paxtakor”ga qarshi o`yinga “Lokomotiv” jamoasi tashrif buyurmadi. Natijada “Paxtakor”ga texnik uch ochko berildi, “temiryo`lchilar”ga esa texnik mag`lubiyat yozildi.
Birinchi davra yakuniga ko`ra, 22 ta uchrashuvdan 60 ochko to`plagan AGMK jamoasi birinchi o`rinda bormoqda. “Paxtakor” 51 ochko bilan ikkinchi, “Neftchi” 43 ochko bilan uchinchi o`rinni egallab turibdi. “Qizilqum” esa atigi bir ochkoga ega.
To`purarlar bahsida “Metallurg” a`zosi Ixtiyor Ropiev 25ta to`pi bilan karvonboshilik qilyapti. Vaholanki, Ixtiyor ikki marta ikkinchi ogohlantirishli qizil kartochka bilan ikkita o`yinni o`tkazib yuborgan. Bu borada ikkinchi va uchinchi o`rinlarda 23ta to`pi bilan “Paxtakor” a`zosi Feruz Faxriddinov hamda 22ta to`pi bilan AGMK vakili Jamoliddin Sharipov bormoqda.
Chempionatning ikkinchi davrasi 17 avgustdan davom ettiriladi.
Musobaqa jadvali:
1.AGMK 22 20 0 2 135-41 60
2.Paxtakor 22 16 3 3 94-51 51
3.Neftchi 22 12 7 3 78-48 43
4.Metallurg 22 11 4 7 86-76 37
5.Buxoro 22 10 5 7 90-74 35
6.Bunyodkor 22 8 5 9 80-79 29
7.Nasaf 22 7 5 10 86-84 26
8.Lokomotiv 22 7 4 11 72-91 25
9.So`g`diyona 22 7 3 12 73-83 24
10.Navbahor 22 7 2 13 65-94 23
11.Qo`qon-1912 22 6 3 13 86-123 21
12.Qizilqum 22 0 1 21 38-139 1