Pro-Liga 13-turidan joy olgan “Yozyovon-Lochinlari” — “Nurafshon” o`yini belgilangan vaqtdan kechiktirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Zero, PFL komissarining bildirgisiga ko`ra, stadionning ayni vaqtdagi holati talab darajasida emasdi. Futbolchilar to`p suradigan joylarda yoriqlar paydo bo`lgan, maydon maysasi o`sib ketgan va etarli darajada kaltalanmagan.
Mazkur holat yuzasidan “Yozyovon-Lochinlari” futbol klubi faoliyatiga mas`ul bo`lgan Dilmurod Ergashev PFL matbuot xizmatiga quyidagilarni ma`lum qildi:
“Tan olib aytishim lozimki, bugungi uchrashuvni o`tkazish uchun stadionimiz etarli darajada tayyor emas. O`yinni yaxshi saviyada o`tkazishga to`sqinlik qiladigan bir qator kamchiliklar bor ekani rost. Ushbu holat bo`yicha zarur ishlarni amalga oshiramiz va keyingi uy o`yinimizga qadar stadionda mavjud barcha kamchilik bartaraf etilishiga kafolat beraman. Stadionimiz o`tgan yili hokimiyat yordami bilan ta`mirdan chiqarilgan edi. Endi qolgan ba`zi kamchiliklar ustida jamoa vakillari mas`uliyat bilan ish olib borishiga va`da beramiz”, — dedi Dilmurod Ergashev.
P. S. Ishga yondoshuv Pro B Ligasi vakillarida shunday bo`lsa, PFL ular bilan hamkorlikni to`xtatish mantiqliroq deb hisoblaydi. “Yozyovon-Lochinlari”ning kelasi uy uchrashuvida ijobiy o`zgarishlar kuzatilmasa, klub Pro-Liga bilan xayrlashishi mumkin. Bu masala komissiya tomonidan alohida ko`rib chiqiladi.
“Nurafshon”ga qarshi uchrashuv esa stadion maysalari kaltalanib, maydondan ortiqcha buyumlar olib chiqilgach, start oldi. Ishda siljish bo`lmasa, bu jamoa uchun o`z maydonidagi oxirgi uchrashuv bo`ladi.