Pro-Liga 13-turidan joy olgan “Yozyovon-Lochinlari” — “Nurafshon” o`yini belgilangan vaqtdan kechiktirilishi mumkin.
Uchrashuv avval 17:00 ga tayin qilingandi (PFL Pro-Liga klublariga vaqtni o`zaro kelishib belgilash uchun ruxsat bergan). Keyinroq mezbonlar havo haroratidan kelib chiqib, uchrashuv komissaridan o`yin vaqtini yarim soatga kechiktirishni so`radi. Mehmon tomon ham buni qo`llab-quvvatlagach, o`yin yarim soat kechikdi.

Endi esa uchrashuv PFL komissarining bildirgisi sabab yanada kechikishi katta ehtimol. Chunki stadionning ayni vaqtdagi holati talabga javob bermaydi. Futbolchilar to`p suradigan joylarda yoriqlar paydo bo`lgani etmaganidek, o`yin bo`lishi kutilayotgan maydonda taxtalarni ham topish mumkin.
Qolaversa, stadion maysasi o`sib ketgan va etarli darajada kaltalanmagan. Bunda esa to`p etarli masofagacha dumalab borishi ham dargumon.
“Yozyovon-Lochinlari” klubi rahbariyati 18:15 gacha berilgan topshiriqni bajarmasa, komissar uchrashuvni boshlamaydi. Bu holat PFL komissiyasi tomonidan alohida o`rganib chiqiladi.

P.S. Pro-Liga klublari bejizga ikki zonaga ajratib qo`yilmagan. Iyun oyiga qadar klublar o`zini o`nglab olishi uchun vaqt berildi. Biroq jamoalar bundan to`g`ri xulosa chiqarmadi. Endilikda ishlamayotgan klublarga shavqat qilinmaydi. Zero bunday mas`uliyatsizlik bilan futbolni rivojlantirib bo`lmaydi.