G`uzorning “Sho`rtan” futbol klubi iste`foga chiqarilgan bosh murabbiy Asror Aliqulovning o`rniga yangi mutaxassislarni ro`yxatdan o`tkaza olmayotgani haqida avval xabar berib o`tilgandi. Sababi, endilikdagi sobiq bosh murabbiy Asror Aliqulov “Sho`rtan”dan pullarini to`liq olib ulgurmagan.
Mana shu davr davomida “Sho`rtan” 4 ta uchrashuvni bosh murabbiysiz o`tkazishga majbur bo`ldi va jami 9 ochko yo`qotdi. Sir emaski, FIFA talabi bo`yicha G`uzor klubidan 3 ochko ham olib tashlangandi.
Aniqlanishicha, “Sho`rtan” 2012—2017 yillar davomida futbolchi sifatida, 2018 yilning fevralidan boshlab, to 12 mayigacha esa murabbiy sifatida ishlagan Asror Aliqulovdan qarzdor. Qarzdorlik 2012 yil holatlariga ko`ra ham chiqib keldi.
Odatda FIFAga legioner futbolchilar da`vo arizasi bilan chiqadi. O`zbekistonlik futbolchi va murabbiylar esa dodini kimga aytishni bilmaydi. Mamlakat futbolida endilikda bu kabi ishlarga qarshi kurashiladi. Shundan kelib chiqib, “Sho`rtan” rahbariyatining oldiga jiddiy talab qo`yildi.
Bugun — 6 iyun kuni “Sho`rtan” hamda Asror Aliqulov o`rtasidagi qarzdorlik masalasi ikki tomon ishtirokida muhokama etildi hamda G`uzor klubining umumiy qarzi aniqlandi. Bosh murabbiy zaruriyati yuzasidan “Sho`rtan” rahbariyati 15 avgust sanasigacha muhlat so`radi hamda PFLga kafolat xati taqdim etdi. Mana shu muddat ichida klub Aliqulov oldidagi qarzlaridan qutilishi shart.
Belgilangan muddat ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, G`uzor klubiga qarshi PFL tomonidan sanktsiyalar qo`llaniladi. Ya`ni, endilikda ishga FIFA aralashishi kutib o`tirilmaydi.
Bu kabi ishlardan Superliga hamda Pro-Liga klublari ham xabardor bo`lsinki, endilikda ko`chaga haydalgan murabbiylar va futbolchilar oldidagi qarzdorlik uzilmaguniga qadar, PFL ishni yopmaydi. Futbolchilar uchun javobgar murabbiy bo`lgani kabi, ayni bir murabbiyni tanlab olgani uchun klub rahbariyati ham javobgar bo`lishi shart. Murabbiylar ham, rahbarlar ham selektsiya ishlarini olib borsin, aql bilan ish yuritsin va turli g`irromliklardan chetda bo`lsin.
PFL yillar davomida beparvo bo`lgani sabab, qator futbolchi va murabbiylar bir necha yillik qarzdorliklar yuzasidan klublari bilan sudlashib yuribdi. Kelajakda ham shunday ishlar davom etmasligi uchun qadam hozirdanoq qo`yilishi shart.
Biz “Sho`rtan” klubining yangi murabbiylar shtabiga omad tilaymiz va ulardan o`z haqlariga pishiq-puxta bo`lishlarini so`raymiz.