G`uzorning “Sho`rtan” klubi 12 may kuni bosh murabbiy Asror Aliqulovni iste`foga chiqardi. Unga qo`shilib, katta murabbiy Botir Qodirqulov ham ishdan ketdi.
Ayni vaqtda “Sho`rtan” Yorqin Nazarov hamda Murod Otajonovni jamoa murabbiylari sifatida ro`yxatdan o`tkazish uchun harakat qilmoqda. Biroq PFL bu ishga shoshilayotgani yo`q. Sababi, “Sho`rtan” ishdan ketkazilgan murabbiylar bilan to`liq hisob-kitob qilmagan.
Endilikda qaysidir klub bosh murabbiyni iste`foga chiqarsa va u bilan hisob-kitobni to`liq yakunlamasa, yangi murabbiylarni ro`yxatdan o`tkazish uchun ruxsat etilmaydi. Qarzdorlik yil yakuniga (katta ehtimol bilan kelasi yillarga) qolib ketmasligi shart.
“Sho`rtan” klubi rahbariyati yaqin vaqt ichida Aliqulov hamda Qodirqulovning qarzlari to`lab berilishi borasida kafolat xati berib, o`z ishini yakunlashi mumkin. Biroq kafolat xatida ko`rsatilgan muddatdan bir kun o`tsa ham, klub jazoga tortiladi.
Ayni vaqtda PFLga qarzdorlik bilan bog`liq juda ham ko`p arizalar va shikoyat xatlari kelib tushgan. Bu borada ish olib borilyapti. Va albatta shunday ishlar keyinchalik ham davom etmasligi uchun, klublar hozirdanoq ishni puxta bajarishi shart. Murabbiyni iste`foga chiqarishni bilgan rahbariyat, uning qarzini ham vaqtida qaytarishni bilishi kerak.
Futbolchi va murabbiylar shartnoma tuzayotganida ehtiyot bo`lishi so`raladi. Ulardan biri ma`lum yil uchun haqini olmay turib, kelasi yilga ham shartnoma tuzsa, PFL keyinchalik ularning yoni bo`lmasligi katta ehtimol. Futbolchilar ham, murabbiylar ham o`z haq-huquqini bilishi va uni talab qilishni o`rganishi kerak. Bu masala hamda futbolchilarning klublar bilan shartnomalari masalasi oldinda alohida ko`rib chiqiladi hamda tuzilajak yangi reglamentdan joy oladi.
P.S. “Sho`rtan” klubini 12 may sanasidan buyon vaqtinchalik Bahodir Shoymardonov boshqarib turibdi. Bungacha u klubning texnik direktori lavomizimida faoliyat ko`rsatib kelayotgandi. O`tgan vaqt ichida “Sho`rtan” 4 ta o`yinda ishtirok etib, shularning 3 tasida imkoniyatni boy berdi. 2 ta o`yinda yirik mag`lubiyatlar kuzatildi. Jamoa rahbariyati natijalarni yaxshilashni istasa, bosh murabbiy masalasini tezroq hal qilishi kerak. Ish tez hal bo`lishi uchun esa, klublar masalaga jiddiy yondoshishga majbur.