Suhrob Berdiev: Superligada har bir uchrashuvga alohida yondoshuv bilan tayyorgarlik ko`rish lozim

PEPSI Superliga 15-turi doirasida “Qo`qon-1912” jamoasi Namanganda “Navbahor” mehmoni bo`ladi. “Vodiy derbisi” maqomi ostida o`tadigan o`yin oldidan qo`qonliklar etakchilaridan biri Suhrob Berdiev PFL rasmiy saytiga o`yinoldi tayyorgarlik jarayoni qanday o`tayotgani haqida gapirib berdi. 

“Bu yil chempionatimiz avvalgilaridan ancha o`zgacha tarzda o`tyapti. PEPSI Superliga ham tashkiliy, ham o`yin borasida Oliy ligadan farq qilishini barchamiz ko`rib turibmiz. Endilikda barcha uchrashuvlar shiddatli tarzda kechyapti. Jamoalar har bir ochko uchun juda qizg`in kurash olib borishyapti. Bu esa milliy chempionatimiz saviyasi o`sayotganidan dalolat, deb bilaman. O`FA hamda PFL o`zbek futboli saviyasini oshirish, yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish uchun ancha samarali ish olib borayotgani barchamizni xursand qilyapti. Yaqin vaqt ichida hozir qilinayotgan mehnatlar o`z samarasini beradi, deb o`ylayman”, - deya so`z boshladi mahoratli yarim himoyachi. 

“Ayniqsa, stadionlarimizga muxlislar tashrifi oshgani, ishqibozlarning futbolga e`tibori ijobiy tomonga o`zgarayotgani quvonarli. “Qo`qon-1912” jamoasi ham o`zining ko`psonli ashaddiy ishqibozlarini imkon qadar yaxshi o`yin namoyish etib, ularni g`alabalar bilan xursand qilishga urinyapti. Hozir har bir tur o`yiniga o`zgacha tarzda tayyorgarlik ko`rish talab etilyapti. Masalan, kelasi turda “Navbahor” bilan bahs yuritamiz. Raqib jamoa ham bu yil ancha yaxshi o`ynayapti. Ularga qarshi o`yin oson o`tmasligi tayin. Shu boisdan bizning jamoamiz ham o`yinga yaxshi hozirlik olib borishga urinyapti. Nasib etsa, “Vodiy derbisi”da o`zimizning eng yaxshi o`yinimizni ko`rsatib, muxlislarimizga ajoyib g`alaba taqdim etishga urinamiz.”

“Shaxsan o`zim hozircha namoyish etayotgan o`yinimdan qoniqayotganim yo`q. Futbolchi muntazam ravishda o`z o`yinini yaxshilab, o`z mahorati ustida ishlagani yaxshi, deb o`ylayman. Mashg`ulotlarda astoydil mehnat qilib, mas`uliyatli uchrashuvlarda jamoam g`alabalariga o`zimning munosib xissamni qo`shishga harakat qilaman”, - dedi Suhrob Berdiev. 

 

“Qo`qon-1912” matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi

mib
uzcard
cola
apex
bmb