O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan futbolchi va murabbiylarning nafaqat jismoniy jihatdan etuk, balki ma`nan barkamol bo`lishi uchun ham bir qator chora-tadbirlarni yo`lga qo`ygan.
Jumladan, O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning topshirig`iga ko`ra har oyning dushanba kunlari Superliga klublarida ma`naviyat va ma`rifat darslari bo`lib o`tmoqda.
Bunday darslarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoev tomonidan O`zbekistonda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qarorlar mazmuni futbolchi va murabbiylarga etkazilmoqda.
Bugun boshqa jamoalar qatori "Paxtakor" futbol klubida ham ma`rifat va ma`naviyat soati o`tkazildi. Unda jamoa a`zolariga O`zbekistonda bo`layotgan so`nggi siyosiy va madaniy-ma`rifiy sohalardagi o`zgarishlar haqida atroflicha ma`lumot berildi.
Shuningdek, “Ma`naviyat va ma`rifat darsi”da yurtimizda futbolni rivojlantirish, yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar haqida so`z yuritildi.
Bu kabi ma`naviyat va ma`rifat darslari milliy chempionatimizda to`p surayotgan futbolchilarga xalqaro maydonlarda Vatan sha`ni uchun maydonga tushayotganda qo`shimcha ruhiy ozuqa taqdim qilishi aniq.