
O`zbekiston Kubogining 1/8 finalidan joy olgan “Iftixor” - “Paxtakor” o`yini Toshkentda bo`lib o`tadi. Har ikki jamoa vakillari bu borada o`zaro kelishib oldi hamda shu haqda PFLga xat bilan chiqdi. Ya`ni, tashkilot bu kelishuvda ishtirok etmadi.
O`z oldiga yuqori maqsadlar qo`yayotgan “Iftixor” klubi Oltiariqdagi stadion rekonstruktsiyasi bilan mashg`ul. Rejaga ko`ra, mazkur stadiondagi ilk uchrashuv “Paxtakor”ga qarshi bo`lib o`tishi kerak edi. Stadiondagi ishlarni ko`zdan kechirish maqsadida PFL komissiyasi 22 may kuni “Iftixor” stadionida bo`ldi va ta`mirlash ishlari yakuniga etib ulgurmagani haqida xulosa berdi.
Ma`lumki, yangi stadionni PFL komissiyasidan tashqari xavfsizlik masalalari bo`yicha IIB komissiyasi hamda futbol uchrashuvlari translyatsiyasi bilan shug`ullanuvchi tashkilot ham qabul qilib olishi kerak. Zero, 2018 yilgi mavsumdan boshlab, respublikadagi har bir stadiondan optik tolali kabellarning o`tgan bo`lishi muhim masaladir. Kubok o`yini o`tishi kerak bo`lgan 29 may sanasiga qadar bu ishlarni yakunlash so`roq ostida turgandi.
Shundan kelib chiqib, PFL “Iftixor” klubiga Farg`onadagi “Istiqlol” stadionida uchrashuv o`tkazishni taklif qildi. O`z navbatida “Paxtakor” futbol klubi ham “Iftixor”ga mezbonlik taklifi bilan chiqdi. Tomonlarning o`zaro muzokarasidan keyin “Iftixor” Toshkentga kelishga qaror qildi va bu borada PFLni rasman xabardor qildi.
Chorak final yo`lida Toshkentning “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublari ham uy uchrashuvlarida ishtirok etadi. Bir kunda bitta shaharda ikkita futbol uchrashuvi o`tkazish mumkin emas. Shu boisdan o`yin 28 may sanasida o`tadi. Pepsi Superliganing 14-turi boshqa muddatga ko`chirilgani hamda “Iftixor”ning 24 may kuni o`tishi kerak bo`lgan Pro-Liganing 11-turida dam olishi inobatga olinsa, bu holat har ikki tomonga ham halal bermaydi.
O`zbekiston Kubogi
1/8 final
28 may (dushanba)
19:01 “Iftixor” — “Paxtakor”
29 may (seshanba)
17:00 “Orol” - “Andijon”
19:02 “Bunyodkor” - “So`g`diyona” (live)
19:22 “Mash`al” - “Surxon”
30 may, chorshanba
17:00 “Dinamo” — “Qizilqum” (live)
18:57 “Qo`qon-1912” — “Neftchi”
19:03 AGMK — “Nasaf” (live)
19:03 “Lokomotiv” — “Sherdor”
Ma`lumot uchun, “Sport” telekanali O`zbekiston Kubogining bu bosqichdagi 4 ta o`yinini jonli ko`rsatishni rejalashtirgandi. Shulardan biri 28 mayga ko`chirildi. Sir emaski, telekanal o`z dasturlarini ikki hafta ilgari rejaga kiritadi. Endilikda PFL hamda “Sport” Toshkentga ko`chirilgan uchrashuv translyatsiyasi masalasida “Sport” bilan muzokara o`tkazadi.
Hozirgacha Pepsi Superliga uchrashuvlarini to`liq ko`rsatib kelayotgan telekanal rahbariyati mazkur o`zgarishni to`g`ri tushunib, bu borada ish olib borishidan umidvormiz. Shuningdek, yuzaga kelayotgan o`zgarishlar uchun futbol muxlislaridan uzr so`raymiz.