O`zbekiston milliy terma jamoasining Urugvayga qarshi xalqaro o`rtoqlik o`yini sabab Pepsi Superliga taqvimida navbatdagi o`zgarish yuz berdi hamda 14-tur Jahon chempionati startidan keyinga qoldirildi. Bu haqda keyinroq batafsil ma`lumot beriladi.
O`FA rahbariyati milliy va olimpiya terma jamoalarining xalqaro maydondagi imidjini tiklash maqsadida taqvimni ularning rejasidan kelib chiqib tuzish taklifini bergan. O`zbekiston milliy termasi Urugvay bilan o`yin uchun olis masofani bosib o`tadi. Shundan kelib chiqib, delegatsiya 7 iyun kungi bellashuv uchun 2 iyun tongida yo`lga chiqadi.
2-3 iyun kunlari Pepsi Superliganing 14-tur uchrashuvlari bo`lib o`tishi kerak edi. Milliy termaning kengaytirilgan ro`yxatidan dastlab “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Nasaf” hamda “Lokomotiv” klublaridan uch va undan ortiq futbolchi joy olgandi. Mazkur holat ularning chempionatdagi o`yinlariga o`z ta`sirini ko`rsatishi katta ehtimol bo`lib turgandi.
Shundan kelib chiqib, PFL 14-turni keyinroqqa qoldirdi. 15-turda esa ikki o`zgarish yuz berdi. “Nasaf” hamda “Bunyodkor” klublari ishtirokidagi o`yin bir kun keyinga qoldirildi. Qolgan uchrashuvlar o`z o`rnini saqlab qoldi. Vaqtlar va soatlar quyida ko`rsatib o`tilgan.
Pepsi Superliga. 15-tur.
10 iyun (yakshanba)
“Navbahor” - “Qo`qon-1912” 19:02
11 iyun (dushanba)
“Qizilqum” — “So`g`diyona” 19:30
12 iyun (seshanba)
“Neftchi” - “Paxtakor” 19:03
“Metallurg” - “Nasaf” 19:11
“Lokomotiv” - AGMK 19:11
“Buxoro” - “Bunyodkor” 19:32
Pepsi Superliga taqvimida Jahon chempionatidan keyin ham o`zgarishlar yuz berishi katta ehtimol. Ayni vaqtda O`zbekiston Kubogi formatiga yana bir kichik o`zgarish kiritish masalasi ko`rib chiqilmoqda. Shuningdek, Osiyo o`yinlarida ishtirok etadigan O`zbekiston olimpiya terma jamoasiga sharoit yaratish, shuningdek, bu jamoaga chaqirilgan futbolchilar sabab ayrim klublar aziyat chekmasligi uchun ham o`zgarishlar yuz beradi.
Mazkur o`zgarishlar orasida ehtimoliy dekabr sanasida o`tishi kerak bo`lgan O`zbekiston Kubogi finalining oktyabrda o`tkazilishi masalasi ham bor. Boisi O`FA hamda PFL Kubok finalini o`tgan yildagidan kam bo`lmagan bayram bilan o`tkazishni maqsad qilgan.
Shuningdek, 2018 yil mavsumidagi birorta ham o`yin dekabrga qolmasligi kerak. Yaxshi bilasizki, 2019 yilning yanvar oyida Osiyo Kubogi start oladi. Shundan kelib chiqib, milliy terma jamoa murabbiylariga sharoit yaratish hamda og`ir mavsumni o`tkazishga majbur bo`layotgan milliy terma futbolchilarga dekabrda ozgina tanaffus berish muhim faktor hisoblanadi.
PFL bu kabi o`zgarishlar uchun futbol muxlislari hamda klublardan uzr so`raydi. Umid qilamizki, ular bizni to`g`ri tushunadi. Ayni vaqtda futboldagi hamma bir yoqadan bosh chiqarib, terma jamoalarning xalqaro maydonlardagi ishtiroki yo`lida birlashmoqda. 2019 yilgi mavsumda PFLga na Osiyo o`yinlari, na Jahon chempionati va na Osiyo Kubogi halal beradi. Demak, taqvim bunda chiroyli, hamma uchun qulay va o`zgarishlarsiz bo`ladi.