Oy boshida Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari, sardorlari hamda futbol muxlislari ovoz berish orqali aniqlab boradigan “Oyning eng yaxshilari” tanlovining aprel oyi g`oliblarini e`lon qilgan edik. Kechagi tur doiralarida g`oliblar o`z sovg`alarini qabul qilib olishdi.
Eng chiroyli gol muallifi — Elguja Grigalashvili (“Qizilqum”).

12-tur doirasida “Lokomotiv” – “Qizilqum” jamoalarining uchrashuvi chog`ida Grigalashvili maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Uning jamoadoshlari esa etakchi klubga qarshi safarda to`p surishlariga qaramay, o`yinning so`nggi soniyalarida g`alabani boy bersalarda, durang natijani qayd etib, Elgujaning sovrinini “yuvishdi”.
Eng yaxshi darvozabon — O`tkir Yusupov (“Qo`qon-1912”).

Kecha Qo`qonda “Buxoro”ga qarshi o`yin oldidan klub rahbariyati O`tkirni maxsus sovrin bilan tantanali ravishda taqdirladi. O`tkir uchrashuvda ham raqiblarning bir necha xavfli vaziyatlarini bartaraf etishga erishdi, biroq omad shu kuni buxoroliklarga kulib boqqandi.
Eng yaxshi murabbiy — Ulug`bek Baqoev (“Buxoro”)

Qo`qondagi o`yin Ulug`bek uchun ikki karra quvonchli keldi. Uchrashuv boshida o`ziga atlagan Oy lauraeti sovrinini qabul qilib oldi, uchrashuv so`nggida esa shogirdlarining umumiy sovg`asiga sazovor bo`ldi. Omad bir kelsa kelaverar ekan...
Eng yaxshi futbolchi — Arslonmurod Omonov (“Buxoro”)

Yuqoridagi so`zlarimiz Arslonmurodga ham tegishli. Oyning eng yaxshilariga atalgan sovrinni qo`lga qabul qilsang, safarda raqiblar ustidan zafar quchsang, kamiga ikkita goldan biriga mualliflik qilib, jamoadoshlaring muvaffaqiyatiga hissa qo`shsang. Futbolchiga bundan ortiq yana nima kerak....