
O`zbekiston Kubogining nimchorak finalidan joy olgan uchrashuvlarning vaqti aniq bo`ldi.
Professional futbol ligasi Pro-liga klublari ishtirokidagi 3 ta uchrashuvni 17:00 ga belshiladi. Bunda uchrashuvlar iftorlik vaqtigacha yakuniga etib ulguradi.
Superliga o`yinlari ish kunida 18:00 dan erta boshlanmasligi belgilab qo`yilgandi. Pro-Liga klublari esa o`zaro kelishib, uchrashuvlar vaqtini tayin qilib kelayotgandi. “Sport” telekanali bu safar Pro-liganing “Iftixor” hamda “Dinamo” jamoalari ishtirokidagi o`yinlarga e`tibor qaratishni lozim deb topdi va kubok doirasidagi bu ikki jamoa o`yinlarini 17:00 ga qo`yishni so`radi.
Shu orqali futbol muxlislari Yoshlar Ittifoqi asosida tuzilgan “Iftixor” klubi haqida ma`lumotga ega bo`lib oladi. Ayni vaqtda mazkur jamoa tomonidan qurilayotgan stadionda ta`mirlash ishlari yakuniga etmagan. Etgan taqdirda ham, uni IIV hamda PFL komissiyalari alohida-alohida o`rganib chiqishi kerak bo`ladi. Shuningdek, yangi stadiondan translyatsiya uyushtirish imkoniyatini MTRK vakillari tekshiruvdan o`tkazishi lozim. Bu ishlarni 29 may sanasigacha yakunlash uchun hozir ancha kech. Shundan kelib chiqib, “Iftixor” — “Paxtakor” o`yini Oltiariqdagi Superliga talabiga javob bermaydigan stadionda emas, balki Farg`onadagi “Istiqlol” stadionida bo`lib o`tadi.
Shuningdek, Samarqandning “Dinamo” klubi “Qizilqum”ga qarshi kurash olib boradi. Samarqand shahri aholisi katta futbolni sog`inib qolgani sir emas. Ayni vaqtda “Dinamo”ning Pro-Ligadagi ishtirokini ham qoniqarli deb bo`lmaydi. Shundan kelib chiqib, “Sport” telekanali Samarqanddagi futbol uchrashuvini ham jonli namoyish etish istagini bildirdi. Bu o`yin ham iftorlik vaqtiga qadar yakuniga etib ulguradi.
Nukusdagi uchrashuv stadion yoritish tizimidagi muammolar tufayli 17:00 da start oladi. PFL Superliga klublarining oldiga bu borada talab qo`ygan, Pro-liga klublari amal qilishi kerak bo`lgan talablar esa yaqin kunlar ichida e`lon qilinadi. Bunda Pro-liga klublari bosqichma-bosqich rivojlanib borishi ko`zda tutiladi.
O`zbekiston Kubogining qolgan uchrashuvlari xuddi Superligadagi holat kabi start oladi. Ya`ni, ulardagi tanaffus iftorlik vaqtiga to`g`ri keladi. Shunday qilib, “Sport” telekanali 1/8 final bosqichining jami 4 ta uchrashuvini jonli ko`rsatadi.
O`zbekiston Kubogi. 1/8 final
29 may (seshanba)
17:00 “Iftixor” — “Paxtakor” (live)
17:00 “Orol” — “Andijon”
19:02 “Bunyodkor” — “So`g`diyona” (live)
19:22 “Mash`al” — “Surxon”
30 may (chorshanba)
17:00 “Dinamo” — “Qizilqum” (live)
18:57 “Qo`qon-1912” — “Neftchi”
19:03 AGMK — “Nasaf” (live)
19:03 “Lokomotiv” — “Sherdor”
1/8 final bosqichi g`oliblari faqatgina bitta o`yin orqali aniqlanadi. Ya`ni, uchrashuv asosiy va qo`shimcha daqiqalari durang bilan yakuniga etsa, penaltilar seriyasiga navbat beriladi.
Mazkur holat jonli efir rejalariga tegishli tartibda o`zgartirish kiritishi mumkin. Agar birinchi o`yinlar qo`shimcha daqiqalarga qadar cho`zilsa, u holda “Sport” telekanali vaziyatdan kelib chiqib ish ko`radi.