Bugun 15 may kuni O`zbekiston futbol assotsiatsiyasining sun`iy qoplamali maydonlarida umumta`lim maktablarining 2009 yilda tug`ilgan o`g`il bolalar hamda 2007 yilda tug`ilgan o`quvchi qizlar o`rtasida OFKning “Ommaviy bolalar futboli kuni”ga bag`ishlangan festival bo`lib o`tdi.
Festival davomida yosh ishtirokchilar maydonda o`zlarining mahoratlarini namoyish etdilar. Ishtirokchilar guruhlarga bo`linib, har bir guruhga alohida murabbiy tayinlandi. So`ngra har bir guruh o`ziga ajratilgan maxsus jihozlangan joylarga borib, murabbiylari bilan birgalikda estafeta, to`p muomalasi, to`pni qo`lda o`ynash, yugurish hamda to`p nazorati bo`yicha mashg`ulotlar o`tkazishdi.

Futbol festivali davomida murabbiylar ishtirokchilarni futbolning sir-asrorlari bilan tanishtirishdi.
Qayd etish zarurki, bunday tadbirlar yosh sportchilarga katta sportga o`zlarining ilk qadamlarini qo`yishlariga hamda bo`lajak musobaqalarga tayyorlanishlariga katta yordam beradi.
Tadbir so`ngida ishtrokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

“Futbol do`stlik uchun” loyihasi doirasida butun dunyo bo`ylab “Futbol va do`stlik” kuni nishonlanayotgani haqida avval xabar berib o`tgandik. Butun dunyo bolalari va ularning ota-onalari ushbu bayram munosabati bilan o`tkaziladigan futbol bilan bog`liq turli tadbirlarda qatnashyaptilar.
Toshkentda “Futbol va do`stlik” kuni OFKning “Bolalar ommaviy futboli kuni”ga bag`ishlangan futbol festivali doirasida o`tkazildi.
Ushbu futbol festivalida “Futbol do`stlik uchun – 2018” dasturining O`zbekistondagi yosh elchilari — “Bundyokor” futbol maktabining o`quvchisi, darvozabon Muslim Abdumannopov hamda yosh jurnalist Mardon Ma`rupov ishtirok etdilar.
Tadbir so`nggida yosh elchi hamda jurnalist festival davomida tanishgan ko`plab do`stlarining hamda O`zbekiston milliy terma jamoasining sobiq a`zolari Zayniddin Tojiev va Eldar Magdeevning qo`llariga do`stlik bog`ichlarini taqib qo`ydilar.

Eslatib o`tish joizki, “Futbol do`stlik uchun” bolalar ijtimoiy loyihasi “Gazprom”ning “Gazprom - bolalarga” dasturi doirasida tashkillashtiriladi. Ushbu loyihaning maqsadi – bolalar futbolini rivojlantirish, bag`rikenglik tuyg`usini shakllantirish, turli mamlakat yoshlari o`rtasida do`stlik o`rnatishdir. Ishtirokchilar targ`ib qiladigan asosiy qadriyatlar – do`stlik, tenglik, adolat, sihat-salomatlik, tinchlik, sadoqat, g`alaba va urf-odatlardir.