O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi rahbariyati yurtimizda futbolni yangi bosqichga olib chiqish, futbolni ommaviyligini oshirish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, stadionlarga muxlislarni jalb qilish borasida ham ko`plab yangiliklar joriy qilinyapti. Superliganing 10-yubiliey turida stadionlarda turli ko`ngilochar dasturlar tashkil qilingani, bu esa stadionlarga tashrif buyurayotgan muxlislarga qo`shimcha qulayliklarni yuzaga keltirayotgani haqida xabar berib o`tgandik.
Superliga 11-turida ham muxlislarni stadionlarda ko`plab qiziqarli yangiliklar kutmoqda. Jumladan, 11-turdan o`rin olgan “Lokomotiv” hamda “Buxoro” uchrashuviga tashrif buyurgan muxlislar uchun keytering (oziq-ovqatlar sotuvi) hamda atributikalar sotuvi, bolalar uchun ko`ngilochar o`yinlar maydonchasi va klub homiylari tomonidan yutuqli sovg`alar taqdim qilinadi. Ushbu sovg`alar orasida 2 million so`mgacha bo`lgan vaucherlarni ham mavjud bo`lib, ushbu vaucherni yutib olgan muxlislarlar klub homiysining do`konlari tarmog`idan o`ziga kerakli bo`lgan maishiy texnika mahsulotlariga ega bo`lishlari mumkin.
“Lokomotiv” – “Buxoro” uchrashuviga kirish tekin. Chiptalar “Lokomotiv” stadioni kassalarida tarqatiladi. O`yin 11 may kuni soat 20:30da boshlanadi.