Inson qadri va xotirasi muqaddas!

 

 

9 may mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Ushbu bayrami munosabati bilan “Metallurg” PFK rahbariyati, murabbiylari, asosiy tarkib o`yinchilari, klub marketing va matbuot xizmati Bekobod shahridagi Sahovot mehribonlik uyiga - faxriylarni ziyorat qilishga tashrif buyurishdi.

 

Mehribonlik uyida istiqomat qilayotgan otaxon va onaxonlarning holidan xabar olindi. Ularni bayram bilan qutlashib, esdalik sovg`alari topshirishdi. Shundan so`ng faxriylar bayram dasturxoniga taklif etildi.

 

 Kunning ikkinchi yarmida Metallurgchilar ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mehnat faxriysi, 98 yoshli Xudoyberdi hoji ota xonadoniga tashrif buyurib, u kishini Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan tabriklashdi, Hoji otaga “Metallurg” PFKning maxsus sovg`alarini topshirishdi.

Xudoyberdi hoji otaxon  ko`rsatilgan izzat-ikrom uchun “Metallurg” PFK rahbariyati va xodimlariga o`z minnatdorliklarini bildirib, ularning haqlariga duo qildilar hamda jamoaga doimo omad yor bo`lishini tiladi.

 

Kechqurun “Metallurg” futbolchilari istiqomat qilayotgan bazaga Bekobod futbolining taraqqiyotiga munosib hissa qo`shgan ikkinchi avlod vakillari, “Metallurg” faxriylari Vitaliy Tsxay hamda Hursand Rejapovlar taklif etildi. O`z vaqtida sobiq Ittifoq davrida Bekobod shahri jamoasi sharafini munosib himoya etgan futbol faxriylariga ham klub tomonidan esdalik sovg`alari topshirildi va kechki ziyofatga taklif etildi.

 

 

 

Ushbu kun munosabati bilan “Navbahor” klubi mutasaddilari,  klub matbuot va media xizmati xodimlari, shuningdek, bir guruh jamoa muxlislari faxriylarni ziyorat qilishdi.

 

Klub xodimlari jumladan, Namangan shahridagi “Markaziy” o`yingohda 1983-2012 yillar davomida turli lavozimlarda, shu jumladan, bosh muhandis, direktor bo`lib faoliyat yuritgan Rustam Hamidovich Burnashev, ”Navbahor” jamoasida 1974-1979 yillarda futbolchi, 1980 – 2008 yillarda murabbiy sifatida faoliyat yuritgan Pavel Konstantinovich Kim, shuningdek, 1941-1945 yillarda 2-jahon urushida ishtirok etib, Leningrad qamali azobini boshidan kechirgan Lyubov Mixaylovna Kapitonovaning xonadonlariga tashrif buyurib, bu faxriylarni Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan tabriklab, ularga “Navbahor” PFKning maxsus sovg`alarini topshirishdi.

 

Faxriylar ularga ko`rsatilgan izzat-ikrom uchun “Navbahor” PFK rahbariyati va xodimlariga o`z minnatdorliklarini bildirib, ularning haqlariga duo qilishdi hamda jamoaga doimo omad yor bo`lishini tilashdi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb