PFL hamda Championat.asia aprel oyining eng yaxshi futbolchisi bo`lishi mumkin bo`lgan nomzodlarni taqdim etadi. Ular 5 nafar:
Arslonmurod Omonov — “Buxoro”
Tiago Bezerra — “Paxtakor”
Javlon Ibrohimov — “Bunyodkor”
Sardor Azimov — “So`g`diyona”
San`at Shixov — “Buxoro”.
Mart oyi yakunlariga ko`ra, “Navbahor” a`zosi Aziz Turg`unboev o`z raqobatchilarini katta farq bilan ortda qoldirishga muvaffaq bo`lgandi. Biroq aprel oyida u da`vogarlar orasiga kira olmadi. Natijalarini ancha yaxshilab olgan “Buxoro” klubidan esa biryo`la ikki futbolchida imkoniyat paydo bo`ldi.
Arslonmurod Omonov — 2 ta gol va 2 ta golli uzatma
“Paxtakor”ning mag`lub etilishi “Buxoro”ning o`z kuchiga bo`lgan ishonchini oshirdi. O`sha uchrashuvda Omonovning to`p uzatishidan so`ng toshkentliklar darvozasi ishg`ol etilgandi. Futbolchi, shuningdek, AGMK bilan o`yinda sermahsullik ko`rsatdi hamda “Buxoro”ning “kambek”ida muhim figura bo`la oldi.
Tiago Bezerra — 2 ta gol va 1 ta golli uzatma
“Metallurg”ning taslim etilishida Bezerra muhim rol o`ynadi. Shuningdek, Bezerra “Paxtakor”ga umumiy hisobda 6 ochko keltirgan 2 ta muhim golga mualliflik qildi. Birinchi galda u “Qizilqum” darvozasiga yo`l topgan bo`lsa, keyinroq “Navbahor”ga qarshi qiyin uchrashuvda yagona golni kiritdi.
Javlon Ibrohimov — 2 ta gol
Ibrohimov raqib hujumlarini buzishi bilan yodda qoladigan futbolchi. Aprel oyida u sermahsullikka ham erishdi. Navoiyda u urgan gol “Bunyodkor”ga muhim 3 ochko keltirdi. Keyinroq esa “Metallurg” darvozasi ishg`ol etildi. Umuman olganda Javlon Ibrohimov qiyin davrda jamoasini ortidan ergashtirishga harakat qilyapti.
Sardor Azimov — 1 ta gol va 1 ta golli uzatma
Azimov “So`g`diyona” etakchisi bo`lish uchun harakat qilyapti. Uning yagona goli evaziga jizzaxliklar “Qo`qon-1912” klubiga qarshi o`yinda mag`lubiyatdan qutilib qolgandi. “Nasaf” bilan o`yindagi tarixiy g`alabaga ham futbolchi katta hissa qo`shdi. Golbanning avtogoli uning to`p oshirishi sabab yuzaga keldi. Ikkinchi bo`limda ham jizzaxliklar aynan Azimovning pasidan so`ng gol urdi.
San`at Shixov — 1 ta golli uzatma
Shixov faoliyatini hujumda boshlagan bo`lsa-da, Ulug`bek Baqoev undan qanot himoyachisi sifatida foydalanmoqda. Natijalar hozircha yomon emas. “Buxoro” aprel oyida 3 ta bellashuvni quruq seriya bilan yakunladi. Demak, bunda himoyachining hissasi katta. “Paxtakor” bilan o`yinda San`at haqiqiy qahramonlik ko`rsatib, ikki bor to`pni darvoza chizig`i ustidan qaytarib yubordi. AGMK bilan o`yinda esa golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatma. Aprel oyining eng yaxshilariga Superliga klublari bosh murabbiylari hamda sardorlari ovoz beradi. Shuningdek, Championat.asia nashri muxlislar o`rtasida so`rovnoma o`tkazadi. Murabbiy va sardorlar ovoziga ko`ra eng yaxshilarga 1-3 ochko beriladi. Muxlislarning ovozi esa o`rniga qarab 2-6 ochkoga o`tadi.