PFL hamda Championat.asia aprel oyining eng yaxshi murabbiyi bo`lishi mumkin bo`lgan nomzodlarni taqdim etdi. Ular 5 nafar:
Ulug`bek Baqoev — “Buxoro”
Shota Arveladze — “Paxtakor”
No``mon Hasanov — “Qo`qon-1912”
Sergey Lushchan — “So`g`diyona”
Andrey Fyodorov — “Lokomotiv”.
Mart oyi yakunlariga ko`ra, “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov eng yaxshi deb topilgan va raqobatchilarini katta farq bilan ortda qoldirgandi. Aprel oyini ham “Bunyodkor” ketma-ket ikki g`alaba bilan boshlagandi. Biroq keyingi uch turda “qaldirg`ochlar”dan omad yuz o`girdi.
Xo`sh, yuqorida nomlari ko`rsatilgan murabbiylar yakuniga etgan oyda qanday ishlarni amalga oshirdi?
Ulug`bek Baqoev — 5 ta o`yin: 4 ta g`alaba va 1 ta mag`lubiyat
“Buxoro” ustozi so`zsiz eng yaxshi bo`lib kelayotgandi. Biroq 29 aprel kuni uning jamoasi Bekobodda mag`lub bo`ldi. Shunga qaramay, “Paxtakor” ustidan qozonilgan g`alaba hamda AGMK bilan o`yindagi kambekni unutish qiyin. Ayni vaqtda “Buxoro” turnir jadvalida ikkinchi bo`lib turibdi.
Shota Arveladze — 5 ta o`yin: 3 ta g`alaba, 1 tadan durang va mag`lubiyat
“Paxtakor” Toshkent derbisida “Lokomotiv”ni taslim qila olmadi va “Buxoro”ga imkoniyatni boy berib qo`ydi. Mazkur jihatlar Arveladze nima sababdan da`vogarlar orasida bor degan savolni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, aprel oyi yakunlariga ko`ra “Paxtakor” turnir jadvalida 1-o`ringa ko`tarilib oldi. Ayniqsa, “Navbahor” ustidan qozonilgan g`alaba klub uchun qadrli bo`ldi.
No`mon Hasanov — 5 ta o`yin: 1 ta g`alaba va 4 ta durang
“Qo`qon-1912” aprel oyida haqiqiy raqobatbardosh klub bo`la oldi. Ya`ni, qo`qonliklarni mag`lub etadigan klub topilmadi. Vaholanki, kuchli raqiblar bor edi. Hasanov jamoasi Toshkentda “Lokomotiv”ni 2 ochkodan mosuvo qildi, shuningdek, “Nasaf” bilan durang o`ynadi. Aprelning so`nggi kunida esa “Bunyodkor” taslim etildi.
Sergey Lushchan — 4 ta o`yin: 2 ta g`alaba, 1 tadan durang va mag`lubiyat
Lushchangacha “So`g`diyona”ning ishlari yurishmayotgandi. Uning kelishi esa jizzaxliklarni uyg`otgandek bo`ldi. “Navbahor” hamda “Nasaf” qanday mag`lub etilganini hamma ko`rdi. Ayniqsa, “Navbahor”ga qarshi o`yindagi kambek ancha chiroyli chiqdi. “Lokomotiv” bilan Toshkentdagi o`yinni inobatga olmasa, “So`g`diyona” aprel oyida anchagina o`sishga erishdi.
Andrey Fyodorov — 3 ta o`yin: 2 ta g`alaba va 1 ta durang
Jizaxliklardan tashqari “Lokomotiv”da ham murabbiy almashdi. Fyodorov kelganidan keyin jamoa o`ziga o`xshashni boshladi. Toshkent derbisida “Bunyodkor” mag`lub etildi, “Paxtakor” bilan esa golsiz durang qayd etildi. Fyodorovgacha jamoa ketma-ket 5 ta turda g`olib chiqa olmagan bo`lsa, uning ilk o`yinida “So`g`diyona” taslim qilingandi.
Eslatma. Aprel oyining eng yaxshilariga Superliga klublari bosh murabbiylari hamda sardorlari ovoz beradi. Shuningdek, Championat.asia nashri muxlislar o`rtasida so`rovnoma o`tkazadi. Murabbiy va sardorlar ovoziga ko`ra eng yaxshilarga 1—3 ochko beriladi. Muxlislarning ovozi esa o`rniga qarab 2—6 ochkoga o`tadi.