Pepsi Superliga o`yinlariga bo`lgan qiziqishning ortib borayotgani, muxlislarning stadionlarga tashrifida ijobiy o`zgarishlar yuzaga kelayotganidan kelib chiqib, O`FA hamda PFL rahbariyati 10-tur uchrashuvlari uchun 12 ta iPhone 8 smartfonini tayyorlab qo`ydi.
Mazkur smartfonlar 10-tur bellashuvlariga tashrif buyurgan futbol muxlislariga nasib etishi ko`zda tutilgan. G`oliblar lotereya orqali aniqlanadi. Shu kuni “Bunyodkor”, “Neftchi”, AGMK, “Qizilqum”, “Paxtakor” va “Buxoro” stadionlarining har birida yutuq uchun 2 tadan smartfon bo`ladi.
Futbol klublarining o`yin uchun chiqargan chiptalari barcha talablarga javob berib, unda raqamlarni alohida qirqib olishning imkoni bo`lsa, yutuqlar baxtli chipta egasiga nasib qiladi. Agar chiptalar bunday talablarga javob bermasa, u holda PFL hamda klub vakili smartfon egasini quyidagi shart bo`yicha topadi.
Stadionda muxlislar hozir bo`lgan barcha sektorlar nomi yozilgan qozog`chalar savatga tashlanadi. Xolis odam savatdan qog`ozni tortib, sektorni aniqlab beradi. Demak, faqatgina shu sektorda o`tirgan muxlislarda smartfonni qo`lga kiritish imkoniyati saqlanib qoladi. Keyinroq pastdan tepaga qatorlar sanab olinadi va savatdan qator raqami tortiladi. G`olib bo`lish imkoniyatini faqat shu qator egalari saqlab qoladi. Eng so`ngida esa bitta qatorda o`tirgan muxlislar chapdan o`ngga sanab olinib, yana bir marta raqam tortiladi. G`olibga sovrin o`sha sektorning o`zida topshiriladi. Ikkinchi smartfon egasi ham shu tariqa aniqlab olinadi.
PFL kelasi mavsumdan boshlab Superliga o`yinlariga chiqariladigan chiptalar masalasi, sektorlarning nomlanishi, o`rindiqlarning raqamlariga jiddiy e`tibor beradi. Bu esa yutuqli o`yinlarni o`tkazishda qo`shimcha qulayliklar yaratadi.
Quyida 10-tur uchrashuvlari vaqti keltirib o`tilgan. Barcha futbol muxlislarini bellashuvlarni stadiondan turib tomosha qilishga taklif etib qolamiz.
Pepsi Superligasi
10-tur
4 may (juma)
18:00 “Bunyodkor” — “Nasaf” (jonli)
18:00 “Neftchi” — “Lokomotiv” (yozib olinadi)
5 may (shanba)
18:30 AGMK — “So`g`diyona”
20:30 “Qizilqum” — “Metallurg”
6 may (yakshanba)
18:00 “Paxtakor” — “Qo`qon-1912”
20:00 “Buxoro” — “Navbahor”