Superliga uchrashuvlari tobora qizg`in tus olmoqda. Jamoalar har bir o`yinda g`alaba uchun astoyidil kurashishmoqda, bu esa uchrashuvlarni tomosha qilish uchun stadionlarga tashrif buyurayotgan muxlislarga ham katta zavq bag`ishlayapti.
O`z o`rnida O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi rahbariyati stadionlarga yanada ko`proq futbol muxlislarini jalb qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqda.
Superliganing 10-turi o`ziga xos kichik yubiley tur hisoblanadi. Mana shu turda stadionlarda haqiqiy futbol bayrami tashkil qilish, muxlislarga yanada ko`proq qulayliklar yaratish maqsadida bir qator qiziqarli yangiliklar yo`lga qo`yilishi haqida avval xabar berib o`tgandik.
Jumladan, 10-turda o`yinlar bo`lib o`tadigan 6ta stadionning har birida o`yinni tomosha qilish uchun kelgan muxlislarga Superliga titul homiysi “PEPSI” kompaniyasi tomonidan bepul salqin ichimliklar tarqatiladi.
10-tur o`yinlari oldidan stadionlarda estradamiz yulduzlari ishtirokida qiziqarli shou-dasturlar namoyish qilinadi.
Shuningdek, stadionlarga oilaviy tashrif buyuradigan muxlislar va jajji bolakaylar uchun bir qator qiziqarli attraktsionlar, turli sovrinli o`yinlar tashkil qilinadi. Stadionlarda velosiped va roliklar ijarasi yo`lga qo`yilib, o`yin boshlangunga qadar muxlislar ulardan foydalanishlari mumkin bo`ladi.
O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan 10-turning har bir o`yiniga 2 mingtadan chiptalar bepul muxlislarga tarqatiladi.
Superligaga 10-turidan o`rin olgan o`yinlar yakuniga etganidan so`ng 6ta stadionning har birida o`ziga xos lotoreya tashkil qilinadi. Lotoreyada omadi kelgan ikki nafardan muxlisga O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Iphone 8 smartfoni taqdim qilinadi.
Superliga uchrashuvlarini tomosha qilish uchun stadionlarga kelgan muxlislar shu kuni mazza qilib hordiq chiqarishlari, vaqtlarini chog` o`tkazib, qiziqarli kurashlarga boy chempionat o`yinlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`lishadi.
Superliga uchrashuvlarini tomosha qilish uchun stadionlarga tashrif buyuring va o`zingizni sevimli jamoangizni qo`llab-quvvatlang! Barchani stadionlarga chorlab qolamiz!