Superliganing 9-turida Toshkentning ikki klubi — “Lokomotiv” va “Paxtakor” o`zaro to`qnash keladi. Mazkur uchrashuv 29 aprel - yakshanba kuniga tayin qilingan.
Bunda PFL markaziy o`yinning dam olish kuniga to`g`ri kelishiga e`tibor qaratgan. Bu o`z navbatida muxlislar tashrifiga ham o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatishi turgan gap. Shuningdek, “Sport” kanalini ham aynan shu uchrashuv sabab dam olishi kuni nisbatan kattaroq auditoriya tomosha qilishi katta ehtimol.
Qoidaga ko`ra, “Lokomotiv” va “Paxtakor”ning yoshlar jamoalari bir kun avval — 28 aprel kuni o`zaro maydonga tushishi kerak edi. 28 aprel kuni, shuningdek, “Lokomotiv-BFK” klubi Pro-liganing 5-turi doirasida “Labsa”ni qabul qiladi.
“Lokomotiv” yoshlar jamoasi hamda “Lokomotiv-BFK” futbol klublari TTMIga qarashli stadionda o`z o`yinlarini o`tkazib keladi. Shundan kelib chiqib, “Lokomotiv” klubi mazkur bellashuvlardan birini boshqa sanaga ko`chirishni so`rab, PFLga murojaat qildi.
PFL Superliga hamda Pro-liga o`yinlarini juda jiddiy sabab bo`lmasa, boshqa sanaga ko`chirmaydi. Qolaversa, Buxoroning “Labsa” klubi rejalarini ham hurmat qilish lozim. Shundan kelib chiqib, PFL “Lokomotiv” taklifiga ko`ra, Yoshlar ligasi o`yinini bir kun oldinga — 27 aprelga surdi. Bunga “Paxtakor” rahbariyati ham o`z roziligini bildirdi. Har ikki klub bitta shahar sharafini himoya qilishidan kelib chiqilsa, bu borada muammo yuzaga kelmaydi degan qarorga kelindi.
Demak, 27 aprel kuni soat 16:00 da “Lokomotiv” va “Paxtakor” yoshlari o`rtasida derbi bo`lib o`tadi. 28 aprel kuni esa “Lokomotiv-BFK” aynan TTMI stadionida “Labsa”ni qabul qiladi. 29 aprel kuni “Lokomotiv” stadionida Toshkent derbisi bo`lib o`tadi.