O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O`zbekiston professional futbol ligasi hamkorligida olib borayotgan islohotlar zamirida futbolning ommaviyligi va tomoshabopligini oshirish, stadionlarga muxlislar tashrifini orttirish, futbolning shaffofligini ta`minlash kabi jihatlar yotganligi sir emas. Buning uchun birinchi galda qiladigan ishlar qatorida hakamlar saviyasini takomillashtirish, ularning o`yinlarni halol va haqqoniy boshqarishini ta`minlash uchun sharoitlar yaratib berish talab etilardi. O`FA va PFL qisqa vaqt ichida buni amalga oshirdi. Shunga qaramay hamon o`z ishiga mas`uliyat bilan yondoshmayotganlar paydo bo`layotganligi bor gap. O`tgan shu davr oralig`ida bir qator hakamlar yo`l qo`ygan xatolari uchun jazolanishdi. Shunda ham to`g`ri xulosa chiqarmayotganlar topilmoqda.
Olim Tolibjonov o`tgan mavsumda “Sho`rtan” – “Navbahor” uchrashuvini boshqarib, yakunda nazoratchi Alisher Abdullaev tomonidan qoniqarsiz (4,0) baho olgan edi. Hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi qaroriga binoan O`zbekiston chempionati, birinchiligi va O`zbekiston Kubogi o`yinlari doirasidagi 10 ta o`yinga chetlatilgandi.
Yangi mavsumdan faoliyatini davom ettirayotgan Olim Tolibjonov Pro-liganing 3-tur doirasida “G`ijduvon” – “Iftixor” uchrashuvini boshqardi. Afsuski, uning maydondagi xatti-harakatlari uchrashuv nazoratchi hakami Shamil Jumaev tomonidan yana 2 ballga (“4”) baholandi.
O`yin nazoratchi hakamining bildirgisiga binoan Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi ushbu masalani o`rganib chiqdi va “Hakamlarning tartib-intizom kodeksi”ga binoan qaror chiqardi. Unga ko`ra, Olimjon Tolibjonov noma`lum muddatga Pro-liga o`yinlaridan chetlashtirildi.