Bugun, 16 aprel kuni Namangan shahridagi “Markaziy” o`yingohning anjumanlar zalida yig`ilish bo`lib o`tdi.
Namangan viloyat hokimi, Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Bozarov rahbarligida va klubga tegishli bo`lgan mutasaddilar, jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilar ishtirokida o`tgan yig`ilishda “Navbahor” xalq jamoasi ekanligi, jamoada g`alabaga bo`lgan ruh kuchli bo`lishi, futbolchilar ahil bo`lishlari va bir maqsad yo`lida birlashishlari, joriy mavsumda jamoaning oldiga ulkan maqsadlar qo`yilganligi, “Navbahor” Yurtboshimiz va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ham qo`llab-quvvatlanayotganligi, “Markaziy” o`yingohning tomoshabinlar sig`imini kengaytirish yoki Namanganda yana bir yangi stadion barpo etish rejasi borligi ta`kidlandi.
Yig`ilish so`ngida tashkiliy masala ko`rildi. Shu kungacha “Navbahor” direktori lavozimida faoliyat yuritgan Akramjon Dedabaev o`rniga Baxtiyor Boboev tayinlandi. Xayrulla Bozarov “Bunyodkor” jamoasini 5 marta chempion bo`lishida Baxtiyor Boboevning munosib hissasi borligini ta`kidlab, “Navbahor”ning ham bu yil chempion bo`lishida unga omad yor bo`lishini tiladi.
O`z o`rnida Baxtiyor Melievich ham so`zga chiqib, o`ziga nisbatan bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirar ekan, jamoaning oldiga qo`yilgan vazifalarni bajarish uchun qo`lidan kelganicha harakat qilishini ta`kidladi.
Shu o`rinda klub tomonidan Superliganing navbatdagi turi – “Bunyodkor”ga qarshi o`yinga alohida tayyorgarlik ko`rilayotganligini ham aytish joiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonlaridan “Navbahor” jamoasining fidoiy, ashaddiy futbol muxlislariga futbolga bo`lgan mehri sababli sovg`a sifatida 22 ming dona futbolkalar taqdim etildi.
20 aprel kuni soat 18:00 da Namangan shahridagi “Markaziy” o`yingohda Superliga 7-turidan o`rin olgan “Navbahor” - “Bunyodkor” jamoalari o`rtasida bo`lib o`tadigan uchrashuvga tashrif buyurgan har bir jonkuyar futbol muxlislarga mazkur futbolkalarni bepul tarqatish rejalashtirildi.
“Bunyodkor” klubiga qarshi kechadigan o`yindan oldin el suygan, viloyatning taniqli estrada xonandalari ishtirokida shou kontsert dasturi ham namoyish etiladi.