
Bugun va ertaga Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgan “Nasaf” hamda “Lokomotiv” jamoalari guruhdagi so`nggi uchrashuvini o`tkazishadi. Qarshiliklar barcha guruhlarda 3-o`rinni egallagan jamoalar orasida 7 ochko bilan eng yaxshi ko`rsatkich hosil qilib tursa-da, navbatdagi bosqichga chiqa olmasligi ma`lum bo`lib ulgurgan. Shunday bo`lsa-da, Ro`ziqul Berdiev shogirdlari safarda “Al Vasl”ga qarshi o`yinda muxlislar hurmati yuzasidan muvaffaqiyat qozonishni maqsad qilgan Mazkur uchrashuvni Amirul Izvan Yoqub boshchiligidagi malayziyalik hakamlar boshqarishadi. O`yin bugun, 16 aprelda Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.
Garchi mamlakat chempionatida ishlari yurishmay turgan bo`lsa-da, Osiyo miqyosidagi musobaqada ko`ngildagidek ishtirok etayotgan “Lokomotiv” guruhdagi so`nggi turni har doimgidanda ko`tarinki ruhda, jangovar holatda o`tkazishga shay turibdi. Sababi, ertaga “Lokomotiv” stadionida Eronning “Zob Axan” klubiga qarshi o`tadigan o`yinda “temiyo`lchilar”ning navbatdagi bosqichga chiqish imkoniyati bor. Buning uchun Andrey Miklyaev shogirdlari har qanday hisobda g`alaba qozonishi talab etiladi. Durang esa vakillarimizni qanoatlantirmaydi, sababi birinchi davrada Isfaxonda o`tgan o`yinda eronliklar yutuqqa erishgandi. Uchrashuvni Ko Xyung Jin boshchiligidagi Janubiy koreyalik hakamlar boshqarishadi. O`yin 17 aprelda, soat 19:00da boshlanadi. Stadionga kirish chiptalari bepul tarqatilmoqda.
OChL-2018.
“S” guruhi, 6-tur.
“Al Vasl” (BAA) – “Nasaf” (O`zbekiston)
16 aprel. “Al Vasl” stadioni. Boshlanish vaqti 20:00.
Hakamlar: Amirul Izvan Yoqub, Yusri Bin Muhammad, Azi Bin Zaynal, Juffri Bin Ali (barchasi Malayziyadan).
Nazoratchi - Xalil Al Hamdi (Saudiya Arabistoni)
Komissar - Park Sung Kyun (Janubiy Koreya)
“V” guruhi, 6-tur.
“Lokomotiv” (O`zbekiston) – “Zob Ahan” (Eron)
17 aprel. “Lokomotiv” stadioni. Boshlanish vaqti 19:00.
Hakamlar: Ko Xyung Jin, Yun Kvang Eol, Kim Yung Ha, Chai Sang Xyop (barchasi Janubiy Koreyadan).
Nazoratchi - Mohd Ali Bin Samad (Singapur).
Komissar - Cheung Hin Chung (Gonkong).