Superliganing 5-turidan o`rin olgan “Buxoro” va “Paxtakor” klublari o`rtasidagi uchrashuv inspektorining bildirgisiga asosan O`FA Tartib-intizom qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tdi.
“Buxoro” — “Paxtakor” o`yini uchun stadionga tashrif buyurgan muxlislar avvaliga uchrashuvni boshqarib borayotgan hakamni, keyinroq esa “Paxtakor” futbol klubini haqoratli so`zlar bilan ommaviy ravishda erga urdi, deb yoziladi PFL inspektorining bildirgisida. Unda aynan qaysi daqiqalar haqida so`z ketayotgani ham ko`rsatilgan. Jumladan, 20, 26 va 55-daqiqalarda ishqibozlar uchrashuv hakamini, 40 hamda 56-daqiqalarda esa raqib jamoani haqoratlashdan tiyilmagan.
Mazkur holat musobaqalarni o`tkazish reglamentining 4-bo`lim 5.55-bandiga ziddir. Unga ko`ra, stadionga tashrif buyurgan muxlislarning haqoratli va kamsitish ustiga qurilgan so`zlarni aytishiga cheklov qo`yilgan bo`lib, jazo sifatida kelasi turning muxlislarsiz stadionda o`tishi mumkinligi, jamoadan 3 ochko olib tashlanishi mumkinligi, klubning musobaqadan chiqarib yuborilishi yoki 500 million so`mgacha jarimaga tortilishi ehtimoli borligi ko`rsatib o`tilgan.
O`FA Tartib-intizom qo`mitasi Buxoro shahridagi mazkur o`yin tafsilotlarini o`rganib chiqdi va “Buxoro” klubini 300 million so`m jarimaga tortishga qaror qildi.
Shuningdek, “Buxoro” — “Paxtakor” o`yinining 36-daqiqasida mezbonlar vakili Shavkat Salomov bosh hakam Temur To`xtasinovning qaroriga qarshilik ko`rsatishga urindi. Bunda futbolchi og`zaki qarshilik bilan cheklanmay, hakamning qo`lini ham ushlab olgan. Shundan kelib chiqib, Shavkat Salomov reglamentning 5.56 bandiga asosan aybdor deb topildi va 10 million so`m jarimaga tortildi. Mazkur holatni o`z vaqtida jazolamagan hakam Temur To`xtasinov esa Superliganing 6 va 7-tur o`yinlariga, shuningdek, O`zbekiston Kubogining 1/16 final o`yinlariga qo`yilmaydi. Bu vaqt davomida u faqatgina Pro-Liga bellashuvlarini boshqarishi mumkin.
Shavkat Salomov misolida Tartib-intizom qo`mitasi Superliga va Pro-Liga futbolchilariga eslatib o`tadi. Futbol hakamlari bilan muloqotga faqatgina jamoa sardorlari kirishi mumkin. Ammo ularga keskin qarshilik ko`rsatish, ularga halal berish mumkin emas. Shavkat Salomov “Buxoro” futbol klubining sardori, biroq kelasi safar u futbol hakamlariga tegingudek bo`lsa, jazo choralari bundan jiddiyroq bo`ladi. Bu qolgan futbolchilarga ham taaluqlidir.
Agar “Buxoro” futbol klubi rahbariyati o`z fan-klubi va muxlislari bilan ishlamasa, ular o`rtasida tushuntirish ishlarini olib bormasa va oqibatda shunga o`xshash hunuk holatlar takrorlangudek bo`lsa, jazo choralari yanada jiddiyroq bo`ladi. Bu borada “Buxoro” klubi alohida, shuningdek, Superliga hamda Pro-Liganing qolgan klublari ham “Buxoro” misolida yana bir marta yozma ravishda ogohlantiriladi.
PFL muxlislarni stadionga qaytarish va ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berish ustida ish olib borishdan to`xtamaydi. O`yinlarning ish vaqtidan keyinga qo`yilayotgani hamda to`g`ridan-to`g`ri teletranslyatsiya qilinayotgani katta yutuq. Shuningdek, stadionlarda oilaviy sektorlarning bo`lishi shartligi ham nazorat qilib borilmoqda. Tashkilot printsipial ahamiyatga ega bo`lgan o`yinlarning ko`payib borayotgani, futbolchilar o`rtasidagi shiddat va raqobatning oshayotganini qadrlaydi.
Shu bilan birga o`zini hurmat qilgan inson har qanday holatda ham o`zini nazorat qila olishi kerak deb hisoblaydi. Haqoratlarga, kamsitishlarga to`la stadionlarda yosh bolalar va ayollar ham bor ekanini unutmaslik kerak. PFL shundan kelib chiqib, yuqoridagi kabi holatlarga jiddiy e`tibor qaratishda davom etadi hamda futbol muxlislaridan provokatsion tadbirlarga, chaqiruvlarga qo`shilmaslikni so`raydi.