O`FA Tartib-intizom qo`mitasining navbatdagi yig`ilishida Superliganing bir qator uchrashuvlaridagi bahsli vaziyatlar o`rganib chiqildi.
31 mart kuni Superliganing 4-turi doirasida AGMK hamda “Lokomotiv” klublari o`zaro to`qnash kelgandi. Mezbonlarning 1:0 hisobidagi g`alabasi bilan yakuniga etgan uchrashuvning hakam tomonidan qo`shib berilgan daqiqalarida har ikki jamoa futbolchilari o`rtasida janjal kelib chiqqan.
O`FA Tartib-intizom qo`mitasi mazkur uchrashuvni o`rganib chiqdi. Ishni o`rganish jarayonida uchrashuv referisi Akobirxo`ja Shukurillaevning yozma arizasi hamda bergan ko`rsatmalari, AGMK — “Lokomotiv” o`yinining “Sport” telekanalidagi translyatsiyasi hamda AGMK futbol klubi tomonidan PFLga taqdim etilgan uchrashuv videosidan foydalanildi. Shuningdek, PFL komissari bo`lib o`tgan voqea yuzasidan o`z ko`rsatmasini berdi.
O`FA Tartib-intizom qo`mitasi “Lokomotiv” futbolchisi Ikrom Aliboevni jamoasi ishtirokidagi 4 ta o`yindan diskvalifikatsiya qildi. Endilikda u “Qo`qon-1912”, “Nasaf”, “So`g`diyona” va “Bunyodkor” klublariga qarshi 5-6-7-8-tur o`yinlarida jamoasiga yordam bera olmaydi. Tajovuzkor hatti-harakati uchun AGMK bilan o`yinning 94-daqiqasida maydondan chetlatilgan Aliboevga, shuningdek, 10 million so`m jarima ham solindi.
Komissiya a`zolari mazkur holat uchun faqatgina Ikrom Aliboevning o`zi aybdor emas degan qarorga keldi. Boisi, janjalda har ikki klub vakillari ham ishtirok etgan. Shundan kelib chiqib, qo`mita Tartib-intizom kodeksining 2-bob 5.36 bandiga asosan AGMK va “Lokomotiv” klublarini 25 million so`mdan jarimaga tortdi.
Ogohlantirish
O`zbekiston Professional futbol ligasining 2018 yil 12 mart kungi 35-sonli buyrug`iga muvofiq Superliga futbol klublari murabbiylari keng ommaning e`tiborida bo`lishi hisobga olinib, ular o`yindan oldin, o`yin vaqtida va undan keyingi rasmiy marosimlarda rasmiy kiyimda (kostyum, shimda va galstuk taqqan holda) bo`lishlarini ta`minlash belgilab qo`yilgan hamda klublar rahbariyati bu borada yozma ravishda xabardor qilingandi.
Superliganing 4-turidan o`rin olgan AGMK — “Lokomotiv” o`yinida musobaqani o`tkazish uchun mas`ul tashkilot yuqorida belgilab bergan tartibning buzilishi holati kuzatildi. Superliga klublari bosh murabbiylari yuqoridagi topshiriqni bajardi, biroq “Lokomotiv” klubi murabbiylari 3-turda mazkur topshiriqqa e`tibor qaratib, 4-turda yana o`zi bilganicha ish tutdi.
PFL tomonidan belgilab berilgan talabning buzilishi hisobga olinib, O`FAning Tartib-intizom kodeksining 4-bob, 5.57 bandiga asosan “Lokomotiv” futbol klubi yozma ravishda ogohlantirildi. Bunday hol qayta takrorlansa, jamoaga moddiy jarima solinadi.