O`zbekiston Kubogining 1/8 finaliga qur`a tashlash marosimi jonli ko`rsatiladi

 

Formati o`zgartirilgan O`zbekiston Kubogining 1/8 final bosqichiga qur`a tashlash marosimi “Sport” telekanalida jonli namoyish etiladi. Marosim 18 aprel kuni soat 20:00 da boshlanadi.

 

Nega aynan 18 aprel?

 

O`zbekiston Kubogining 1/16 final uchrashuvlari 15-16 aprel kunlari bo`lib o`tadi. Ulardagi juftliklar, o`yinlar kuni va vaqtini mazkur havola yordamida bilib olish mumkin.

 

16 aprel kuni Qarshining “Nasaf” klubi Chempionlar Ligasi doirasida “Al-Vasl” (BAA) mehmoni bo`ladi. Toshkentning “Lokomotiv” klubi esa 17 aprel kuni o`z maydonida Eronning “Zob Ohan” klubini qabul qiladi.

 

O`zbekiston Superligasining 7-tur bellashuvlari 19 aprel kuni start oladi va 21 aprelga qadar davom etadi. PFL va “Sport” o`zaro kelishib, o`rtada bo`sh qolayotgan 18 aprelni qur`a marosimi uchun tanlab oldi.

 

Bu nima beradi?

 

1/8 finaldan boshlab musobaqaga “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari ham qo`shiladi. Qur`a marosimining jonli efirga uzatilishi futbol muxlislarining qiziqishiga sabab bo`lishi katta ehtimol. Qolaversa, undagi shaffoflik O`zbekiston Kubogida ishtirok etayotgan klublarga motivatsiya o`rnida xizmat qilishi mumkin.

 

Eski formatda jamoalar o`zlarining ehtimoliy bo`lajak raqiblari haqida bilib turgan bo`lsa, endilikda bunga yo`l qo`yilmaydi. Bunda barcha jamoa bir xil maqomda bo`lib, istalgan boshqa klubga raqib bo`lib qolishi ehtimolini kutadi.

 

Hozirgacha...

 

 

O`tgan vaqt davomida maqomi jihatdan 1/32 finalga teng bo`lgan o`yinlar o`tkazildi. Unga ko`ra, “Iftixor” hamda “Sherdor” klublari 1/16 final chiptasiga ega chiqishdi. 15-16 aprel kunlari bo`lib o`tadigan 1/16 final bosqichi faqatgina bitta o`yindan iboratdir. G`olibni 120 daqiqa davomida aniqlashning iloji bo`lmasa, penaltilar seriyasiga murojaat qilinadi. Mazkur bosqichda qaysi jamoa o`z uyida harakat qilishini qur`a belgilab bergan. Mazkur qoida yarim finalgacha o`z kuchida qoladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb